Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida Prezident maktabi ochilganiga salkam uch yil bo‘ldi. Bu yerda ta’lim jarayoni tabiiy fanlar, texnologiyalar, texnik ijodkorlik, san’at, matematika sohalarini chuqur ixtisoslashgan holda o‘qitishga asoslangan bo‘lib, mashg‘ulotlar xalqaro “STEAM — ta’lim” dasturi asosida olib borilmoqda.
13-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov bilan G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori Q.Abdurahmonov ushbu maktabga tashrif buyurishdi. Bu yerda Prezident maktabi o‘qituvchilari va o‘quvchilari bilan qiziqarli uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat asnosida Sharqning butun insoniyat tarixidagi nodir ijtimoiy hodisa bo‘lgan har ikki Renessansi buyuk ajdodlarimizning ilm-ma’rifat va kuchli e’tiqod, diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligi qayd etildi. Bu g‘oyalar bizning davrimizda, O‘zbekiston mustaqilligi yillarida alohida, yanada teran ma’no-mazmun kasb etib bormoqda.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari Akmal Saidov va Qalandar Abdurahmonov e’tirof etganlaridek, ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari samarasi sifatida yuzaga chiqayotgan ma’naviy-ma’rifiy yuksalishlar xalqimiz bunyod etishga kirishgan Uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Chunki har qanday Renessansning muhim asosini aynan ma’naviy-ma’rifiy uyg‘onish tashkil etadi.
Muloqot yakunida taniqli akademiklar Prezident maktabi kutubxonasi uchun o‘zlari muallifligidagi ilmiy va badiiy kitoblarni hadya qilishdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.05.2024
- Ko'rishlar: 1525
- Chop etish