Inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlariga bag‘ishlangan o‘quv kursi davom etmoqda

15-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusidagi o‘quv kursi davom etdi.

Mashg‘ulotlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi 45-yilligi, Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi 40-yilligi hamda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi 35-yilligiga bag‘ishlangan.

Ikkinchi kunda dastlab Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Shahlo Safarova “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim: xalqaro va milliy tajriba” mavzusida ma’ruza qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Kotibiyatining Bola huquqlari ta’minlanishini monitoring qilish bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Sattor Rahmatovning “O‘zbekistonda bola huquqlarini ta’minlash – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi” degan ma’ruzasi tinglandi.

Mustaqil amaliy mashg‘ulot ham o‘tkazildi. Bunda Milliy markaz mutaxassislari tomonidan Inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platformadagi o‘quv kurslari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida sayyor mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi. Tinglovchilar e’tiboriga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari Asqar G‘afurov, Konstitutsiyaviy sud sudyalari Abdumannob Rahimov va Rahat Ismaylovning “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlarini himoya qilishda Konstitutsiyaviy sudning o‘rni” mavzusidagi ma’ruzalari havola etildi.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud Devoni rahbari Nilufarxon Said-Gaziyeva va katta ekspert Kamola Xamidovaning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyatlarini ko‘rib chiqish tartibi” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi. Seminar shaklida tashkil etilgan uchrashuv yakunida tinglovchilar Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga oid savollariga sudyalar tomonidan batafsil javob oldilar.

Ushbu muhim tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi asosida o‘tkazilmoqda. Bundan maqsad BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishdir.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech