16-may kuni “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusidagi o‘quv kursining navbatdagi mashg‘ulotlari O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Akademiya boshlig‘i o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Muzaffarjon Mamasiddiqov mashg‘ulotlar mavzusining ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Ayni o‘quv kursi O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi asosida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
Mashg‘ulotlarning uchinchi kuni asosan Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati batafsil talqin etildi. Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kafedra boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi Xurshid Karimov o‘z ma’ruzasida ushbu hujjatning xalqaro huquqda tutgan o‘rni va ahamiyatini ochib berdi.
O‘z navbatida, Akademiya kafedra boshlig‘i Aziz Hikmatov “Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusida ma’ruza qildi. Bunda qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan milliy profilaktika mexanizmlari mohiyati tahlilga tortildi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Ilmiy markazi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, dotsent Luqmonjon Isoqov migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida to‘xtaldi. Uning “Migrantlar huquqlarini ta’minlash: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi ma’ruzasida bu boradagi xalqaro va milliy amaliyot sinchkov tahlildan o‘tkazilib, muhim tadqiqot natijalari va aniq amaliy misollar keltirilgani tinglovchilarga manzur bo‘ldi.
Ushbu to‘rt kunlik o‘quv kursi BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi 45-yilligi, Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi 40-yilligi hamda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi 35-yilligiga bag‘ishlangan. Mashg‘ulotlarda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol ishtirok etayotgan vazirlik va idoralardan 20 dan ortiq mas’ul xodim qatnashmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.05.2024
- Ko'rishlar: 1465
- Chop etish