15-16-may kunlari Qarshi shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan to‘siqsiz muhit holati bo‘yicha monitoring o‘tkazildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-mayda qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni va “2023-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi” talablari doirasida tashkil etildi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning bajarilishini monitoring qilish tizimli va uzluksiz jarayondir. Bundan maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslarning ushbu Konvensiyada belgilangan huquqlariga kafolatli rioya etilishini baholash va ta’minlashdan iborat.
Monitoring o‘tkazish uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Transport hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, O‘zbekiston Nodavlat notijroat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari dastlab Qarshi shahrining “Temir yo‘l vokzali”dagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, avtobuslar va bekatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qanday qulayliklar yaratilgani o‘rganildi.
Hozirda ishchi guruh tomonidan aniqlangan kamchiliklar umumlashtirilmoqda. Monitoring yakunlari bo‘yicha tegishli amaliy takliflar ishlab chiqiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.05.2024
- Ko'rishlar: 1571
- Chop etish