Inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kursi tinglovchilariga sertifikatlar topshirildi

17-may kuni Toshkent shahrida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusidagi o‘quv kursi yakuniga yetdi. U Inson huquqlari  bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi asosida tashkil etildi. Bunda BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalar talablaridan kelib chiqildi.

Mazkur o‘quv kursi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi 45-yilligi, Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi 40-yilligi hamda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi 35-yilligiga bag‘ishlandi. Mashg‘ulotlarda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol ishtirok etayotgan vazirlik va idoralarning 20 dan ortiq mas’ul xodimi qatnashdi.

Mashg‘ulotlarning to‘rtinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Shuhrat Bafoyevning chiqishi bilan boshlandi. U “Inson huquqlari sohasida mamlakatimizning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining roli” mavzusida ma’ruza qildi.

Yakuniy mashg‘ulotlar doirasida inson huquqlari bo‘yicha milliy ma’ruzalarni tayyorlash hamda xalqaro organlar tavsiyalarini amalga oshirish tartibi masalalari ko‘rib chiqildi. Tinglovchilar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari Suhrob Bozorovning “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining dolzarbligi va ahamiyati” hamda Abbosbek Nabiyevning “BMTning shartnomaviy qo‘mitalarida individual murojaatlarning ko‘rib chiqilishi” mavzularidagi ma’ruzalarini tingladi.

Milliy markaz xodimlari tomonidan tinglovchilarga milliy hisobotlarni tayyorlash, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini to‘liq va aniq amalga oshirish jarayonlari haqida zarur ma’lumotlar taqdim etildi. BMTning shartnomaviy qo‘mitalarida individual murojaatlarni ko‘rib chiqish tartiblari bo‘yicha ham qimmatli tavsiyalar berildi.

Muhokamalardan so‘ng ishtirokchilarning o‘zlashtirish darajasini baholash uchun test sinovlari o‘tkazildi. Sinov natijalari bo‘yicha yetarli ball to‘plagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech