O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik ikkinchi yalpi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktorining O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Senat majlisida ta’kidlanganidek, 2023-yil umumxalq referendumida O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan inson huquqlarini ilg‘or xalqaro standartlar asosida himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishning yangi qonunchilik asoslari yaratilgan.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya etib qayta tashkil qilindi. Ushbu masalalar bo‘yicha Milliy ma’ruzachi instituti ta’sis etildi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani samarali amalga oshirish maqsadida 2023-yilning o‘zida nogironligi bo‘lgan odamlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan 2 ta Prezident farmoni va 3 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
O‘zbekistonning BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi ishidagi ishtiroki faollashdi. Mamlakatimiz Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi.
Shuningdek, “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun kuchga kirdi. Ushbu hujjat xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan g‘ayriqonuniy harakatlar, shuningdek, oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik normalarini kuchaytirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.
Shu bilan birga, majlisda o‘tkazilgan o‘rganishlardan kelib chiqib, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etish samaradorligi bilan bog‘liq qator masalalar belgilab olindi.
Jumladan, senatorlar fuqarolarning ekologik huquqlari ta’minlanishidan, ayniqsa, mamlakatimiz poytaxtidagi vaziyatdan xavotir bildirdi. Bundan tashqari, turli shakldagi zo‘ravonlikdan bolalarni himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, bu borada ota-onalar, ta’lim muassasalari va hokimiyat boshqa organlarining mas’uliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirishga oid “yo‘l xaritasi”da belgilangan qator qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish kechiktirilayotgani aytib o‘tildi.
Har tomonlama muhokama yakunlari bo‘yicha Senat qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini so‘zsiz bajarish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish rejalashtirilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.05.2024
- Ko'rishlar: 1617
- Chop etish