Senat yalpi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazining O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan inson huquqlarini ilg‘or xalqaro standartlar asosida himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishning yangi qonunchilik asoslari yaratilgani ta’kidlandi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya etib qayta tashkil etildi va ushbu masalalar bo‘yicha Milliy ma’ruzachi instituti yaratildi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani samarali amalga oshirish maqsadida 2023 yilda nogironligi bo‘lgan odamlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan 2 ta Prezident farmoni va 3 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi ishidagi ishtiroki faollashdi. Mamlakatimiz Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi.
“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Ushbu hujjat xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan g‘ayriqonuniy harakatlar, shuningdek, oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik normalarini kuchaytirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.
Majlisda o‘tkazilgan o‘rganishlardan kelib chiqib, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etish samaradorligi bilan bog‘liq qator masalalar belgilab olindi.
Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da belgilangan qator qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish kechiktirilayotgani aytib o‘tildi.
Senat qarorida O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini so‘zsiz bajarish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish zarurligi qayd etildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 20.05.2024
- Ko'rishlar: 1522
- Chop etish