Qoraqalpog‘istonda inson huquqlari sohasidagi ta’lim sifatining monitoringi o‘tkazildi

21-22-may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi davlat oliy ta’lim va professional ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” fanlarini o‘qitish sifati bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. Ushbu monitoring Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Milliy markaz Prezidentimizning 2023-yil 7-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga izchil yondashmoqda. Bu, o‘z navbatida, aholining, ayniqsa, bolalar va yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ta’lim muassasalarida inson huquqlariga oid bilimlar yanada chuqur o‘qitilishini ta’minlash, pirovard natijada har bir shaxs inson huquqlariga ongli ravishda rioya etishiga erishish imkonini beradi.

Monitoring o‘tkazish uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.

Ishchi guruh a’zolari Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yuridik texnikumi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qoraqalpoq akademik litseyida bo‘lib, dars jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. O‘zaro muloqot asnosida mas’ullarga ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha zaruriy tavsiyalar berildi.

O‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim jarayoniga oid so‘rov ham o‘tkazildi. So‘rovnoma natijalarini umumlashtirish va tahlil qilish orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasida huquqiy fanlarning o‘qitilishi bo‘yicha muayyan xulosalar chiqariladi.

Monitoring natijalari batafsil tahlil qilinib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi. Yakuniy tavsiya va takliflarni Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ta’lim muassasalariga yuborish rejalashtirilgan.

Monitoring o‘tkazilgan ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlarining har biriga 80 ta kitobdan iborat adabiyot jamlanmalari topshirildi. Ushbu yangi kitoblar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr ettirilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech