21 – 22-may kunlari Nukus shahrida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi qabul qilinganining 40 yilligiga bag‘ishlandi.
Mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasidan – 10 nafar, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan – 50 nafar, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasidan – 7 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev tadbirning ochilishi munosabati bilan videomurojaat yo‘lladi. Unda mazkur o‘quv kursidan ko‘zlangan ustuvor maqsad va vazifalarning tub ahamiyati ochib berildi.
Mashg‘ulotlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilayotgani ta’kidlandi. Bu o‘rinda, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalariga tayanilmoqda.
O‘quv kursi avvalida BMTga teng huquqli a’zo hisoblanuvchi O‘zbekiston qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab kelishi qayd etildi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatini yanada kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida izchil va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 26 iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada katta ahamiyat kasb etdi. Jumladan, 26 iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni yurtimizda milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida nishonlanishi an’anaga aylandi.
Aslida, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish borasidagi tashabbus ham dastavval ayni shu qarorda o‘z aksini topgan.
O‘quv kursining birinchi kunida “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”, “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”, “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi”, “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari”, “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Ma’ruzalarni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffarjon Mamasidiqov, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti Quvonch Qodirov, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Olimjon Subanov taqdim etdi.
Shuningdek, milliy ekspertlar O.Subanov va Q.Qodirov tomonidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Ikkinchi kunda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar”, “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”, “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, qiynoq to‘g‘risida xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Ayni mavzular yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi. Ushbu ma’ruzalar va mashg‘ulotlarni o‘tkazishda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Alimjon Matchanov, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Olimjon Subanov faollik ko‘rsatdi.
Mashg‘ulotlarda, shuningdek, xalqaro ekspert Azamat Shambilov onlayn ishtirok etdi. U tinglovchilar e’tiboriga “Yangilangan Nelson Mandela qoidalari” mavzusidagi taqdimotini namoyish qildi.
Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida 67 nafar tinglovchining nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Mashg‘ulotlar yakunida test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Ma’lumot uchun: Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari Milliy markaz tashabbusi bilan doimiy ravishda tashkil etilmoqda. Jumladan, 2023-yili 10 ta viloyatda o‘tkazilgan o‘quv kurslari natijasida ichki ishlar va prokuratura tizimida faoliyat yurituvchi 1050 nafar xodim bilim va tajribasini boyitdi.
Qisqa muddatli o‘quv kurslari 2024 yil davomida yurtimizning barcha hududlarida tashkil qilinib, ichki ishlar organlari va prokuratura xodimlarining kasbiy ko‘nikmalari oshiriladi. Keyingi o‘quv mashg‘ulotlari 23-24 may kunlari Urganch shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.05.2024
- Ko'rishlar: 1476
- Chop etish