Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga qanday rioya etilmoqda?

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi:

– Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar doirasida qonunchilik, huquq amaliyoti va xalqaro hamkorlik bo‘yicha bir qator amaliy ishlar bajarildi. Xususan, 2023 yilda jami 87 normativ-huquqiy hujjat loyihasi inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazildi.  

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida 8 qonun, Prezidentning bir qator  hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi.  

Xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatida O‘zbekiston tomonidan ratifikasiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga to‘rtta milliy ma’ruza taqdim etdi.  

BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida ikkita yangi milliy harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqildi.  

Inson huquqlari himoyasini kuchaytirish borasida keng doiradagi xalqaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.  

O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturida ishtirok etmoqda. Prezident qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi.  

Davlat organlari xodimlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan o‘quv kurslarida 1 ming 50 nafar xodimning bilim va ko‘nikmalari oshirildi.  

O‘nta viloyatda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, tinglovchilarga 2,2 ming kitob taqdim etildi.  

Joylardagi axborot-kutubxona markazlari, maktablar va oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga inson huquqlariga oid 2 ming 620 adabiyot va 650 huquqiy jurnal beg‘araz yetkazib berildi.  

2023 yilgi referendumda O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinishi bilan fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishning davlat kafolatlarini yanada mustahkamlash imkoniyati yaratildi.    

Markaz tomonidan bola huquqlari buzilishi holatlari uchrab turganini inobatga olib, bolalarni turli ko‘rinishdagi zo‘ravonliklardan himoya qilish masalasiga doimiy e’tibor qaratilmoqda.    

Shu kunlarda Milliy markaz tomonidan tuzilgan ishchi guruh jamoat transporti bekatlarida va umumiy foydalanishdagi transport vositalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan to‘siqsiz muhitdan foydalanish imkoniyatlari bilan bog‘liq real holatlarni monitoring qilmoqda.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA

Powered by GSpeech