Milliy markaz vakillari  Urganch yoshlari bilan uchrashdi

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli va keng qamrovli islohotlarning lokomotivi, ya’ni yetakchi kuchi bo‘lgan yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, “Inson-jamiyat-davlat” tamoyiliga asoslangan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, qonunchilik sohasidagi yangiliklar va inson qadrining nechog‘lik ahamiyatga egaligini yoshlarimizga yetkazish barcha soha vakillari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

23-may kuni Urganch davlat universitetining faollar zalida o‘tkazilgan uchrashuv ayni shu masalalarga bag‘ishlandi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Universitet ma’muriyati hamkorligida tashkil etildi.

Uchrashuvda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev,  O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi professori A.Matchanov va Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i F.Hayitboyev ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish borasidagi yangilanishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Jonli muloqotda, shuningdek, inson sha’ni, qadr-qimmatini ulug‘lash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z bordi. Yangi qonun va qonunosti hujjatlar mazmun-mohiyati haqida yoshlarga atroflicha tushuncha berildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech