23-24-may kunlari Urganch shahrida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi. Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi qabul qilinganining 40-yilligiga bag‘ishlandi.
Mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati prokuraturasidan – 10 nafar, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan – 50 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevning videomurojaati tinglandi. Unda mazkur o‘quv kursidan ko‘zlangan ustuvor maqsad va vazifalarning tub ahamiyati ochib berildi.
Mashg‘ulotlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilayotgani ta’kidlandi. Bu o‘rinda, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalariga tayanilmoqda.
O‘quv kursining birinchi kunida “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”, “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”, “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi”, “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari”, “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Ma’ruzalarni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffarjon Mamasidiqov, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti Quvonch Qodirov, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Olimjon Subanov taqdim etdi.
Shuningdek, milliy ekspertlar O.Subanov va Q.Qodirov tomonidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Ikkinchi kunda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar”, “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”, “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, qiynoq to‘g‘risida xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Ayni mavzular yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi. Ushbu ma’ruzalar va mashg‘ulotlarni o‘tkazishda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Alimjon Matchanov, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Olimjon Subanov faollik ko‘rsatdi.
Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida 60 nafar tinglovchining nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Mashg‘ulotlar yakunida test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.05.2024
- Ko'rishlar: 1360
- Chop etish