Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi, BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi doirasida shuningdek, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning 45-yilligi, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning 40-yilligi hamda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 35-yilligi munosabati bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi «Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar» milliy tanlovini e’lon qiladi.
Ushbu tanlovning maqsadi inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek, mamlakat aholisi o‘rtasida inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishdir.
Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
– Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi o‘quv kursi;
– Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi videorolik;
– Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi o‘quv adabiyotlari: bosma o‘quv adabiyoti va elektron o‘quv adabiyoti;
– Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi maqolalar: eng yaxshi ilmiy maqola va eng yaxshi ommabop maqola;
– Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi bilimdon;
– Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi innovatsion g‘oya muallifi.
Tanlov bo‘yicha materiallar 2024-yil 1-iyundan – 1-noyabrga qadar qabul qilinadi. Ishtirok etish uchun elektron arizani to‘ldirishingiz va tanlov materiallari bilan birga konkurs2024@nhrc.uz elektron manziliga 2024-yil 1-noyabrdan kechiktirmay jo‘natishingiz lozim.
Tanlov g‘oliblari dekabr oyida Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida e’lon qilinadi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.06.2024
- Ko'rishlar: 2371
- Chop etish