Joriy yilning 5-iyun kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda BMTning Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Inson huquqlari va erkinliklarining taʼminlanishida davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar parlamenti vakillari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbati davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan umumiy muloqot platformasini yana-da takomillashtirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda yuzaga kelayotgan muammolar va ularni hal etish bo‘yicha taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, Oliy Majlis Senati va Ombudsmanning davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida ochiq muloqot yo‘lga qo‘yish tashabbusi aholini tashvishga solayotgan masalalarni vakolatli organlar vakillari tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda bevosita muhokama qilish imkoniyatini yaratayotganligi alohida aytib o‘tildi.
Bu kabi muloqotlar inson huquq va erkinliklarini taʼminlash yuzasidan mavjud kamchiliklarni davlat organlarining vakolatli vakillariga yetkazish va bu orqali tegishli sohalarning isloh qilinishiga xizmat qiladi.
Davra suhbati doirasida bir qator NNTning ota-onalik huquqidan mahrum qilish, uy-joyga kiritib qo‘yish, tuhmat bilan bog‘liq ishlarni sudlarda ko‘rish amaliyoti yuzasidan tahliliy maʼruzalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bugungi kundagi sud jarayonlarida fuqarolar sifatli yuridik yordamga muhtoj ekanliklari hamda huquqiy bilimlarini oshirish zarurligi kabi xulosalar bildirildi.
Konstruktiv muloqot davomida inson huquqlarini taʼminlash va qiynoqlarning oldini olish borasida Ombudsman bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatilgani va bu o‘zining ijobiy natijasini berayotganiga ham eʼtibor qaratildi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan insonning huquqlarini har tomonlama himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini yana-da taʼminlash orqali ularning fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 06.06.2024
- Ko'rishlar: 1409
- Chop etish