2024-yil 13-14-iyun kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan an’anaviy xalqaro anjuman – Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumining navbatdagi mavzusi shunday nomlangan. Forum doirasida oflayn va onlayn tarzda uchta yalpi majlis o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda.
Bu galgi Samarqand forumining asosiy maqsadi – iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ta’siri bilan bog‘liq masalalarni keng ko‘lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdir. Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida o‘zaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Forumda asosiy e’tibor iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratiladi. Bu boradagi munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va o‘zgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun ko‘maklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turli soha mutaxassislariga qulay maydon bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Forumning milliy tashkilotchilari – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazidir.
Xalqaro hamkorlarimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi jamoasi hisoblanadi. Bu xalqaro sheriklarimiz safida, xususan, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi, shuningdek, Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi fondlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari bor.
Forumda 200 nafar mutaxassis qatnashishi rejalashtirilgan. Xususan, milliy va xorijiy ekspertlar, iqlim bo‘yicha mutaxassislar, davlat tashkilotlarining iqlim o‘zgarishi muammolari bilan shug‘ullanadigan mas’ullari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy tadqiqot markazlari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlarning vakillari taklif etilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.06.2024
- Ko'rishlar: 1856
- Chop etish