AL-KUVAYT, 4-iyun. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Q8 Press" elektron nashrida "Tarixda ilk bor O'zbekiston vakili BMT Inson huquqlari qo'mitasi a'zoligiga saylandi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrda ta'kidlanganidek, joriy yil 29-may kuni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktga a'zo davlatlarning 40-sessiyasi doirasida BMT Inson huquqlari qo'mitasining 2025-2028-yillar uchun 9 nafar a'zosini saylash bo'yicha saylovlar bo'lib o'tdi.
"Yashirin ovoz berish natijalariga ko'ra, O'zbekistondan nomzod, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktga a'zo mamlakatlardan eng ko'p ovoz oldi", – deyiladi maqolada.
Qayd etilishicha,O'zbekiston vakilining IHQga saylanishi tarixiy voqeadir, chunki O'zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi marta BMTning ushbu asosiy tuzilmasiga a'zo bo'ldi.
"BMT O'zbekiston Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilgan aniq chora-tadbirlar – bolalar va majburiy mehnatga barham berish, oiladagi zo'ravonlikka qarshi kurashish, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tengligini ta'minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha ijobiy natijalarga erishilganini e'tirof etadi", – deb yozgan "Q8 Press".
- Qo'shildi: 10.06.2024
- Ko'rishlar: 1426
- Chop etish