MASKAT, 11-iyun. /"Dunyo" AA/. O'mon Inson huquqlari komissiyasi raisi, professor Rashid Hamad Humeid al-Balushiy "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekistondan nomzod, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidovning BMT Inson huquqlari komissiyasi a’zoligiga saylangani haqidagi fikrlarini bildirdi:
— Akademik Akmal Saidovning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari komissiyasi a’zoligiga saylanganini katta mamnuniyat bilan qabul qildim.
Men Akmal Saidovni sakkiz yildan buyon, Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasida birgalikdagi faoliyatimiz davridan boshlab yaqindan bilaman. O'zbekiston vakili inson huquqlari sohasida jahondagi asosiy shaxslardan biridir.
Men uni IHTning Inson huquqlari bo'yicha Mustaqil doimiy komissiya a’zosi va rahbari sifatida bilardim. Akmal Saidov inson huquqlari masalalari bo'yicha keng bilimga hamda xalqaro tashkilotlar bilan olib borilayotgan munosabatlarda katta tajribaga ega.
Inson huquqlari bilan bog'liq vazifalarni bajarish va xalqaro tashkilotlarning sessiyalarida ishtirok etish doirasida biz u bilan yaqindan hamkorlik qilamiz.
O'mon Inson huquqlari komissiyasi nomidan O'zbekiston nomzodining mazkur qo'mitaga saylangani bilan samimiy muborakbod etamiz va uning faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
- Qo'shildi: 11.06.2024
- Ko'rishlar: 1576
- Chop etish