Joriy yil 13-14-iyun kunlari Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi bo‘lib o‘tadi

Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ma’lum qildi.

2024-yil 13-14-iyun kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan an’anaviy xalqaro anjuman – Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi Samarqand forumi «Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» mavzusiga bag‘ishlanadi.

Bu galgi Samarqand forumining asosiy maqsadi – iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ta’siri bilan bog‘liq masalalarni keng ko‘lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdir.

Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida o‘zaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Forumda asosiy e’tibor iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratiladi.

Bu boradagi munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va o‘zgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun ko‘maklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turli soha mutaxassislariga qulay maydon bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Forum doirasida oflayn va onlayn tarzda uchta yalpi majlis o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

Birinchi yalpi majlis: istiqbolli barqaror yechimlar topish yo‘lida zarur innovatsion yondashuvlar va o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni muhokama qilish uchun muloqot maydoniga aylanadi. Ma’ruzachilar o‘zlari mansub bo‘lgan tashkilotlarning atrof-muhit muammolarini hal etish va inson huquqlarini himoya qilish borasidagi ilg‘or tajribasi, samarador amaliyoti va bu sohadagi faoliyatining ahamiyati haqidagi fikrlarini o‘rtoqlashadi.

Ikkinchi yalpi majlisda: global iqlim o‘zgarishining ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarga ta’siri imkon qadar chuqurroq tahlillar negizida ko‘rib chiqiladi. Bunda aholi zaif qatlamlarining huquqlarini ta’minlash bo‘yicha aniq strategiyalarni taqdim etishda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratiladi.

Uchinchi yalpi majlis: o‘zgaruvchan iqlim sharoitida inson huquqlarini samarali himoya qilish borasidagi mavjud xalqaro va mintaqaviy hujjatlar hamda vositalar tahliliga bag‘ishlanadi. Bu sessiyaning asosiy maqsadi murakkab ekologik vaziyatda sayyoramizda barqaror hamda adolatli hayot sharoitlarini ta’minlashga oid global strategiyalar va birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat.

Forumning milliy tashkilotchilari – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va «Taraqqiyot strategiyasi» markazidir. 

Xalqaro hamkorlar – Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi jamoasi hisoblanadi. Bu jamoa safiga, jumladan, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi kiradi.

Shu bilan birga, xalqaro sheriklar orasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi, Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armalarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari ham bor.

Forumda 200 nafar mutaxassis qatnashishi rejalashtirilgan. Xususan, milliy va xorijiy ekspertlar, iqlim bo‘yicha mutaxassislar, davlat tashkilotlarining iqlim o‘zgarishi muammolari bilan shug‘ullanadigan mas’ullari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy tadqiqot markazlari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlarning vakillari taklif etilgan.

 

Rasmiy xabarlar

Powered by GSpeech