"Daily News Hungary": O'zbekiston nomzodi Inson huquqlari qo'mitasi a'zoligiga saylandi

BUDAPESHT, 5-iyun. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning yetakchi "Daily News Hungary" elektron nashrida "O'zbekiston vakili BMT Inson huquqlari qo'mitasiga saylandi" sarlavhali  maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

"Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktga a'zo davlatlarning 40-sessiyasi doirasida Inson huquqlari qo'mitasining 2025-2028-yillar uchun 9 nafar a'zosini saylash bo'yicha saylovlar bo'lib o'tdi", – deb yozgan manba.

 

Ma'lum qilinganidek, yashirin ovoz berish natijalariga ko'ra, O'zbekistondan nomzod, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktga a'zo mamlakatlardan eng ko'p ovoz oldi.

 

Ta'kidlash kerakki, joriy saylov kampaniyasi keskin va misli ko'rilmagan raqobat muhitida, oldindan aytib bo'lmaydigan natijalar bilan o'tdi. Xalqaro munosabatlar va inson huquqlari sohasida chuqur nazariy bilim va amaliy tajribaga ega bo'lgan har bir nomzodning saylanish imkoniyati yuqori edi.

 

"Saylovdagi ishonchli g'alaba O'zbekiston Prezidenti rahnamoligida fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar samarasi keng e'tirof etilganidan dalolatdir", – deb ta'kidlagan "Daily News Hungary".

Powered by GSpeech