13-iyun kuni Samarqandda o‘z ishini boshlagan «Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» nomli Inson huquqlari bo‘yicha IV forumning birinchi yalpi majlisi shu mavzuga bag‘ishlandi.
Yalpi majlisga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi rahbari Matilda Bogner moderatorlik qildi.
An’anaviy xalqaro anjuman ishtirokchilari qayd etganlaridek, misli ko‘rilmagan iqlim o‘zgarishlari sharoitida atrof-muhit degradatsiyasini yumshatish bilan bir qatorda butun dunyoda inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning o‘rni juda muhim.
Mavzu yuzasidan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi Kotibiyati ijrochi direktori professor Noura bint Zaid Alrashoud, Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi (TurkPA) Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash Bosh kotibi o‘rinbosari Chjang Ling, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) maslahatchisi Behruz Mohtari ma’ruza qildi.
YEXHT Iqtisodiy va ekologik faoliyati muvofiqlashtiruvchisi Elchi Bakit Jusupovning videomurojaati hamda Yevropa Ittifoqi Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Olof Skug, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Seitimovning onlayn chiqishlari tinglandi.
Jumladan, Elchi B.Jusupovning qayd etishicha, hozirgi kunda YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi mamlakatdagi iqlim bilan bog‘liq muammolar xaritasini tuzmoqda. Shu asosda hukumat aholining, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning ehtiyojlarini qondiradigan axborot siyosatini ishlab chiqishi mumkin. YEXHTning Iqtisodiy va ekologik faoliyati muvofiqlashtiruvchisi e’tirof etganidek, “Bunday loyihalar YEXHTning butun mintaqasidagi boshqa dala missiyalari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar jamiyatlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi va barqaror turmush sharoitlarini ta’minlash hamda bu sohadagi siyosat asoslarini yaratish orqali inson huquqlarini himoya qilishga yordam beradi”.
O‘z navbatida, N.Seitimov iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolarga nisbatan aholining munosabatini shakllantirmasdan turib, ayni shu muammolarni ijobiy hal etish qiyin ekaniga e’tiborni qaratdi. Shuning uchun ham, MDH Bosh kotibi o‘rinbosarining fikricha, “Ekologiya sohasida ongli shaxsni tarbiyalash – sayyoramiz hayotini saqlab qolishning muhim shartlaridan biridir. Bunda ta’lim va madaniyat dasturlaridan ekologik tarbiya muhim o‘rin egallashi lozim. Bu sohada to‘plangan tajribalarni hozirgi zamon ilm-faniga xos bilimlar bilan uyg‘unlashtirish, shubhasiz, jamiyatda tabiat va bioxilma-xillikni asrab-avaylashga oid qadriyatlar tizimini shakllantirish hamda atrof muhit bilan hamjihatlikda yashash ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini beradi”.
Shuningdek, Forumda Turkiya Bosh Ombudsmani Sheref Malkoch, Ummon Inson huquqlari komissiyasi raisi Rashid Hamad Humaid al-Balushi, Qatar Inson huquqlari milliy qo‘mitasi Bosh kotibi Sulton bin Hassan al-Jamali, Mo‘g‘ulistonning Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiyasi Bosh komissari Sunjid Dugar, Inson huquqlari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Milliy markazi rahbari Saltanat Tursinbekova so‘zga chiqdi.
Birinchi yalpi majlis doirasidagi munozaralar xalqaro tashkilotlarning atrof-muhit muammolarini hal qilish va inson huquqlarini himoya qilish borasida istiqbolli barqaror yechimlarni topish uchun qulay muloqot maydoniga aylandi. Ma’ruzachilar o‘zlari mansub tashkilotlarning bu boradagi yondashuvlariga to‘xtalar ekan, ekologiyani sog‘lomlashtirishga qaratilgan boshqaruv jarayonlarida inson huquqlarini ta’minlash nuqtayi nazaridan zarur innovatsion g‘oyalar, ilg‘or tajribalar va hamkorlikdagi sa’y-harakatlar alohida o‘rin tutishini bildirdilar.
Onlayn munozaralarda Ozarbayjon Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Sabina Aliyeva, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova, Pokiston Inson huquqlari milliy komissiyasi raisi Robiya Javeri Agha, Malayziya Inson huquqlari komissiyasi komissari Nur Azia Mohd Avval, Xitoy Inson huquqlarini o‘rganish jamiyati vitse-prezidenti, Jilin universitetining huquq fakulteti professori Lu Guandjin ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumining mazkur anjumani, ayniqsa, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillarining o‘zaro fikr almashishlari uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki ushbu institutlar kutilmagan miqyos va ko‘lamlardagi iqlim o‘zgarishlari, bioxilma-xillikning yo‘qolishi, atrof-muhit ifloslanishi bilan bog‘liq murakkab ekologik vaziyatda tabiiy iqlim muhitini sog‘lomlashtirishga qaratilgan boshqaruv jarayonlariga inson huquqlari himoyasiga oid yondashuvlarni tatbiq etishda noyob imkoniyatlarga ega.
So‘zga chiqqanlar ekologik muammolar bilan inson huquqlarining tutash nuqtalariga e’tiborni qaratdilar. Bunda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar barqaror taraqqiyotga ko‘maklashish va ekologik ofatlardan zarar ko‘rgan aholining zaif qatlamlarini himoya qilishni ta’minlashda o‘z vakolatlaridan nechog‘lik samarali foydalanayotganligi holati o‘rganildi.
Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumining birinchi yalpi majlisida so‘zga chiqqan ekspertlarning fikricha, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar o‘z dasturlarini ekologiya muammolariga yechim topishga oid rejalar bilan uyg‘unlashtirishi maqsadga muvofiqdir. Chunki bunday amaliy yondashuv, o‘z navbatida, ekologiya adolatsizligini bartaraf etish, shuningdek, barcha insonlarning qadr-qimmati hamda huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan maqbul siyosatni targ‘ib etishda ushbu tuzilmalar hal qiluvchi mavqega egaligini amalda namoyon etishga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»
- Qo'shildi: 14.06.2024
- Ko'rishlar: 1766
- Chop etish