Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumida nimalar muhokama qilinmoqda?
Ayni payt mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu an’anaviy xalqaro anjuman «Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» mavzusiga bag‘ishlanadi.
Bugungi kunda sayyoraviy ko‘lamdagi uchta tahdid – iqlim o‘zgarishlari, atrof-muhitning ifloslanishi va tabiatning buzilishi butun xalqaro hamjamiyatni tashvishga solmoqda. Bularning barchasi insonlarni ular ega bo‘lgan asosiy huquqlar bilan ta’minlash yo‘lida g‘ov bo‘layotgan beayov tahdidlar hisoblanadi.
Shu ma’noda bu galgi Samarqand forumining asosiy maqsadi – iqlim o‘zgarishining inson huquqlariga ta’siri bilan bog‘liq masalalarni keng ko‘lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdir. Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida o‘zaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishmoqda.
Forumda 200 nafardan ziyod milliy va xorijiy ekspertlar “Ekologik muammolarni hal qilish va inson huquqlarini himoya qilishda xalqaro tashkilotlarning yetakchiligi va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar roli”, “Iqlim o‘zgarishining global tendensiyalari va aholining zaif guruhlar kontekstida ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarga ta’siri”, “Iqlim o‘zgarishi sharoitida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha global strategiyalar va hamkorlik ekologik huquqlarni himoya qilish va iqlim tashabbuslarini amalga oshirishda biznes va fuqarolik jamiyatining roli” mavzularida sessiyalarda ishtirok etyapti.
O‘zAni kuzatib boring, batafsil ma’lumotlar berib boramiz.
Behruz Xudoyberdiyev,
Nishonboy Abduvoitov va Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA
- Qo'shildi: 16.06.2024
- Ko'rishlar: 1242
- Chop etish