Prezident tabrigi nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo, balki butun dunyo uchun ahamiyatli (+video)

Mamlakatimizda “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror yechimlar topish” mavzusidagi Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi bo‘lib o‘tmoqda. Anjuman ishtirokchisi, Turkiya Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Sheref Malkoch biz bilan suhbatda O‘zbekiston va Turkiya munosabati, jumladan inson huquqlari sohasidagi hamkorlik, tadbirda muhokama qilinayotgan masalalar xususida fikr yuritdi:

– O‘zbekiston so‘nggi yillarda juda tez rivojlanmoqda. O‘zgarish hamma sohada sezilyapti. Har gal Toshkent, Samarqand yoki Buxoroga kelganimda farovonlik ortayotgani, tinchlik, osoyishtalik mustahkamlanayotganini ko‘raman.

Dunyo sivilizatsiyasi markazlaridan biri, Amir Temur davlati poytaxti, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy kabi ulug‘ shaxslar yashagan Samarqandda shunday forum tashkil etilishida ramziy ma’no bor.

Ayni payt Turkiya va O‘zbekiston ombudsmanlari o‘rtasida yaxshi aloqa yo‘lga qo‘yilgan. Turkiy davlatlar tashkiloti Ombudsmanlari assotsiatsiyasini tuzganmiz. Islom dunyosi Ombudsmanlari assotsiatsiyasida ham birga ish olib boryapmiz.

Bugungi forum ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga tabrigi o‘qib eshittirildi. Bu qutlov nafaqat O‘zbekiston yoki O‘rta Osiyo, balki butun dunyo ahli uchun alohida ahamiyatga molik murojaat hisoblanadi. Zero, bugun dunyoning huzur-halovatga, tinchlikka, osoyishtalikka ehtiyoji kuchli. Ekologiyaga eng ko‘p zarar keltirayotgan mamlakatlar hushyorlikni oshirishsa, bu mavzu kun tartibidan tushadi.

Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston yetakchisining murojaati juda dolzarb va shu kabi konferensiyalar uchun dasturilamal, deyish mumkin.

Behruz Xudoyberdiyev, Nishonboy Abduvoitov va Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA

Powered by GSpeech