Samarqand shahrida 2024 yil 13-14 iyun kunlari Inson huquqlari bo‘yicha IV forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli xalqaro anjuman an’anaviy ravishda ushbu qadimiy va navqiron shaharda o‘tkazib kelinayotgani uchun ham Samarqand forumi nomini olgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi an’anaviy Samarqand forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida qayd etilganidek, yurtimizda ilk bor 2018 yilda o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi jahon amaliyotiga o‘ziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirdi, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu tariqa inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlangan Samarqand forumlarini o‘tkazish yaxshi an’ana tusini oldi.
Hech shubhasiz, insoniyat to‘qnash kelayotgan iqlim bilan bog‘liq keskin muammolar oqibatlarini yumshatish inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
«Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» mavzusiga bag‘ishlangan forum Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Adliya vazirligi va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan hamkor xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, mazkur boshqarmaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi, BMTning O‘zbekistondagi jamoasi, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, IHT, SHHT, MDH, YeI, TurkPA, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Fridrix Ebert hamda Konrad Adenauer jamg‘armalari qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkil etildi.
200 nafardan ortiq xalqaro, mintaqaviy, xorijiy va milliy tashkilotlar vakillari offlayn va onlayn formatda ishtirok etgan forum doirasida uchta yalpi majlis o‘tkazildi.
Ularda iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ta’siri bilan bog‘liq masalalar keng ko‘lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilindi.
Forumda asosiy e’tibor iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratildi. Bu boradagi jonli munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va o‘zgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun ko‘maklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turli soha mutaxassislariga qulay maydon bo‘lib xizmat qildi.
Samarqand forumi yakunlari bo‘yicha bir qator muhim natijalar qayd etildi. Xususan, forum ishtirokchilari o‘rtasida aloqa tarmog‘ini o‘rnatish va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, inson ekologik huquqlari sohasida doimiy axborot almashish va hamkorlik qilish uchun platforma yaratishga kelishib olindi.
Hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati uchun iqlim o‘zgarishining inson huquqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqildi va qizg‘in muhokama qilindi. Iqlim o‘zgarishi va inson huquqlari o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida jamoatchilik xabardorligini oshirish maqsadida ta’lim va axborot sohasidagi ishlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Forum tavsiyalarini bajarish uchun uning ishtirokchilari, shu jumladan, hukumatlar, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillariga aniq majburiyatlar belgilab berildi. Forumdan keyingi davrda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga samarali javob berish uchun tavsiyalarni amalda qo‘llashga qaratilgan strategiya va harakat rejalari tasdiqlandi.
Iqlim o‘zgarishiga moslashish strategiyasi bilan inson huquqlarini ta’minlash istiqbollariga doir vazifalarni birlashtirish bo‘yicha innovatsion tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Eng asosiysi, xalqaro anjuman doirasida turli mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida iqlim o‘zgarishi sharoitida inson huquqlarini yanada samarali himoya qilish borasida o‘zaro tajriba va bilim almashinuviga ko‘maklashildi.
Forumning yakuniy hujjati – «Iqlim o‘zgarishlari sharoitida inson huquqlarini global himoya qilish: barqaror kelajak yo‘lidagi majburiyatlar va sa’y-harakatlar to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi» loyihasi ishlab chiqildi.
Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqlarida mazkur forumni o‘tkazish tashabbusini ilgari surgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi tavsiyalarini BMT Bosh kotibiga va boshqa xalqaro tashkilotlarga taqdim etishga kelishib olindi.
Forum yakunida uning ishtirokchilari qadimiy va navqiron Samarqand zaminiga ezgu niyat bilan nihollar ekdi.
Norgul Abduraimova,
Alisher Iroilov (surat),
O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 16.06.2024
- Ko'rishlar: 1596
- Chop etish