Elchi Antti Karttunen: Samarqand forumi kelajak avlod manfaati uchun birlashish va umumiy yechim topish maydoniga aylandi

SAMARQAND, 14-iyun. /"Dunyo" AA/. YXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen "Dunyo" AA uchun intervyusida "Ekologik muammolar: o'zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror yechimlar topish" mavzusida Inson huquqlari bo'yicha IV Samarqand forumining ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

 

– Inson huquqlari bo'yicha IV Samarqand forumi, uning ekologik muammolarni hal etish, inson huquqlarini himoya qilishdagi ahamiyati haqida o'z fikrlarimni bildirishdan mamnunman.

 

Forumda biz ushbu muammolar ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga, jumladan, ayollar, bolalar va qariyalarga qanday ta'sir ko'rsatishini muhokama qildik. Ekologik muammolar ijtimoiy tengsizlikni qanday kuchaytirayotgani va barqaror rivojlanishga to'sqinlik qilayotganiga alohida e'tibor qaratildi. Atrof-muhit va inson huquqlarini himoya qilish kompleks yondashuvni talab qiladigan o'zaro bog'liq vazifalar ekanligini tushunish muhimdir.

 

Men moderator sifatida ishtirok etgan 3-sessiyada o'zgaruvchan iqlim sharoitida inson huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan mavjud xalqaro va mintaqaviy hujjatlar atroflicha ko'rib chiqildi.

 

Muhokama chog'ida xalqaro va mintaqaviy hujjatlarda mustahkamlangan standartlarga ham to'xtalib o'tildi.

 

Sessiya yakunida iqlim bo'yicha global tashabbuslar doirasida mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator tavsiyalar qabul qilindi.

 

Ushbu sessiya, shuningdek, iqlim bo'yicha tashabbuslarni samarali amalga oshirishda biznes va fuqarolik jamiyatining asosiy rolini muhokama qilishga bag'ishlandi.

 

Samarqanddagi forum mamlakatlar umumiy yechim topish uchun birlashishga tayyor ekanini ko'rsatdi. Maqsadlarimizga erishish uchun tajriba, bilim va resurslarni almashishda davom etishimiz muhim.

 

Xulosa o'rnida shuni aytishni istardimki, Inson huquqlari bo'yicha IV Samarqand forumi ekologik muammolarni muhokama qilish va hal etishda muhim maydonga aylandi. Biz har bir insonning huquqlari himoyalangan va kelajak avlodlar uchun sayyoramiz asrab-avaylanadigan kelajakni ta'minlash uchun birgalikda ishlashni davom ettirishimiz kerak.

Powered by GSpeech