SAMARQAND, 13-iyun. /"Dunyo" AA/. BMTning O'zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl "Dunyo" AA uchun intervyusida "Ekologik muammolar: o'zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror yechimlar topish" mavzusida Inson huquqlari bo'yicha IV Samarqand forumining ahamiyati izohladi:
– Avvalo, tashkilotchilarga ekologik muammolar va inson huquqlari bilan bog'liq muhim masalalarni muhokama qilish imkoniyati uchun o'z minnatdorligimni bildiraman.
Iqlim o'zgarishi, biologik xilma-xillikning yo'qolishi, havo va suvning ifloslanishi butun dunyoda inson huquqlariga jiddiy tahdid solmoqda. Ushbu ekologik muammolar bevosita hayot, sog'liq, toza suv va oziq-ovqatdan foydalanish, munosib turmush darajasiga ega bo'lish huquqiga ta'sir qiladi. Eng kambag'al va marginallashganlar bu qiyinchiliklarga ayniqsa zaifdir. Biz bugun suv toshqinlari va qurg'oqchilik kabi tabiiy ofatlar odamlarni o'z uylarini tark etishga majbur qilayotganini, ularning yashash va turmush tarzini izdan chiqarayotganini ko'ryapmiz.
Bizning kelajagimiz ushbu muammolarning barqaror yechimlarini qanchalik muvaffaqiyatli topa olishimizga bog'liq. Bu iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish va yangi sharoitlarga moslashish bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni talab qiladi.
Ushbu maqsadlarga erishishda xalqaro hamkorlik muhim o'rin tutadi. BMT mamlakatlarni barqaror rivojlanish va inson huquqlarini himoya qilish yo'lida qo'llab-quvvatlashga tayyor. O'zbekistonda biz allaqachon ijobiy o'zgarishlarni ko'ryapmiz. Mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilash va barqaror amaliyotni joriy etish bo'yicha faol ishlar olib borilmoqda. Biz bu sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlaymiz va umumiy maqsadlarga erishish yo'lida hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz.
Ekologik muammolar bizdan qat'iy va birgalikdagi sa'y-harakatlarni talab qiladi. Inson huquqlarini himoya qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish yonma-yon borishini va bir-birining ajralmas qismi ekanligini unutmasligimiz kerak.
- Qo'shildi: 19.06.2024
- Ko'rishlar: 1460
- Chop etish