KUALA-LUMPUR, 13-iyun. /"Dunyo" AA/. Malayziyaning "BERNAMA" milliy axborot agentligi bugun boshlangan Inson huquqlari bo'yicha IV Samarqand forumiga bag'ishlangan maqolani e'lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo"AA muxbiri.
Ta'kidlanganidek, forumning milliy tashkilotchilari – Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi va O'zbekiston Adliya vazirligi hamda "Taraqqiyot strategiyasi" markazidir.
"Bu galgi Samarqand forumining asosiy maqsadi – iqlim o'zgarishlarining inson huquqlariga ta'siri bilan bog'liq masalalarni keng ko'lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdir. Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida o'zaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ega bo'ladi", – deb yozgan agentlik.
Ma'lum qilinganidek, forumda 200 nafar mutaxassis qatnashishi rejalashtirilgan. Xususan, milliy va xorijiy ekspertlar, iqlim bo'yicha mutaxassislar, davlat tashkilotlarining iqlim o'zgarishi muammolari bilan shug'ullanadigan mas'ullari, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV vakillari, ilmiy tadqiqot markazlari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlarning vakillari taklif etilgan.
- Qo'shildi: 19.06.2024
- Ko'rishlar: 1475
- Chop etish