PEKIN, 12-iyun. /"Dunyo" AA/. Xitoyning ommabop "Lookwe" elektron nashrida 13-14-iyun kunlari bo'lib o'tadigan Inson huquqlari bo'yicha IV Samarqand forumiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrda ta'kidlanganidek, bu galgi Samarqand forumining asosiy maqsadi – iqlim o'zgarishlarining inson huquqlariga ta'siri bilan bog'liq masalalarni keng ko'lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdir. Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida o'zaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ega bo'ladi.
"Forumda asosiy e'tibor iqlim o'zgarishlarining inson huquqlariga ko'rsatadigan salbiy ta'sirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratiladi, – deyiladi maqolada. – Bu boradagi munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va o'zgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun ko'maklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turli soha mutaxassislariga qulay maydon bo'lib xizmat qilishi kutilmoqda".
Xabar qilinganidek, forumning milliy tashkilotchilari – Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi va O'zbekiston Adliya vazirligi hamda "Taraqqiyot strategiyasi" markazidir.
- Qo'shildi: 20.06.2024
- Ko'rishlar: 1411
- Chop etish