Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining navbatdagi soni nashr etildi.
Ushbu sonda inson huquqlari sohasida ta’lim, ayollar va bolalar huquqlari, diniy bag‘rikenglik, murojaat qilish va axborot olishga bo‘lgan inson huquqlari kabi dolzarb mavzularga oid xalqaro huquq hamda milliy qonunchiligimiz bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari yoritilgan o‘zbek, ingliz va rus tilidagi maqolalar nashr etildi.
Xususan, akademik Akmal Saidovning “О сегменте высокого уровня 55-й сессии Совета ООН по правам человека” (“BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi oliy darajadagi segmenti to‘g‘risida”) nomli rus tilidagi maqolasida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi oliy darajadagi segmenti tafsilotlari batafsil tahlil qilingan. Maqolada ta’kidlanganidek, ushbu nufuzli anjumanda ishtirok etgan mamlakatimiz delegatsiyasining ma’ruzasi 55-sessiya ishtirokchilari tomonidan yuqori baholanib, so‘nggi yillarda davlatimizda amalga oshirilayotgan inson huquqlari sohasidagi islohotlar aniq amaliy natija berayotgani, shuningdek inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik aloqalari mustahkamlangani e’tirof etilgan.
Yuridik fanlar doktori, professor Mirzatillo Tillabayevning “The Right to Appeal to International Human Rights Bodies: the Experience of Uzbekistan” (“Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish huquqi: O‘zbekiston tajribasi”) nomli ingliz tilidagi maqolasi ham dolzarb mavzuga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli. Maqolada inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish masalalari, BMTning shartnomaviy qo‘mitalari, YUNESKO va Xalqaro mehnat tashkiloti doirasidagi mexanizmlar tahlil qilingan. Shuningdek, O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish, ushbu tashkilotlar qarorlarini ijro etish masalalari yoritilgan.
Yuridik fanlar doktori, dotsent O‘tkir Ochilovning “Inson huquqlari sohasida ta’limni takomillashtirishning ayrim dolzarb masalalari” nomli maqolasi bugungi kunda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim tizimida mavjud ba’zi muammolar chuqur tahlil qilinib, muhim takliflar ilgari surilgani bilan diqqatga sazovor. Maqolada ta’lim-tarbiya jarayoniga inson huquqlarini hurmat qilish nuqtayi nazaridan yondashilib, ta’lim oluvchilarga inson huquqlari to‘g‘risida faqat bilimlar berishgina emas, balki ularda inson huquqlariga rioya etish ko‘nikmalarini ham hosil qilish, ta’lim muassasalarida inson huquqlari madaniyatiga asoslangan muhitni shakllantirish zarurligi masalalari ko‘rib chiqilgan.
Inson huquqlari sohasida ta’lim mavzusi yuridik fanlar nomzodi Farhod Hayitboyevning “Programme to Increase Human Rights Literacy” (“Inson huquqlari bo‘yicha savodxonlikni yuksaltirish dasturi”) nomli ingliz tilidagi maqolasida ham yoritilgan. Maqolada mamlakatimizda inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar sharhlangan.
Shuningdek, jurnal sahifalaridan o‘rin olgan M. Suvankulov, I. Saifnazarov, S. Saidova, A. Alimov, M. Atayev, M. Baratov, R. Hakimov, B. Akramxodjayev, N. Rahimjonov, M. Ergashevaning o‘zbek tilidagi, Sh. Sharapov, T. Norboyev, Sh. Hamrayeva, A. Asatov, N. Aslonov, Sh. Raximovning ingliz tilidagi, S. Abdurazakov, S. Saparbayev, N. Kasimov, A. Fedorov, J. Urunov, F. Xamdamova, S. Usmanovning rus tilidagi maqolalari ham dolzarb mavzularga bag‘ishlangan.
Shunday ekan, foydali va zavqli mutolaaga marhamat! Sarflagan vaqtingiz mazmunli va samarali o‘tishiga aminmiz.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 21.06.2024
- Ko'rishlar: 1466
- Chop etish