Joriy yilning 21-iyun kuni Adliya vazirligida «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va tegishli masalalar bo‘yicha kichik qo‘mitasining 20 yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Yevropa tashqi harakatlar xizmati, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi missiyasi, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi rahbariyati, Ombudsman kotibiyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasiga Yevropa tashqi harakatlar xizmati Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i D. Krissler, O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga esa adliya vaziri o‘rinbosari M. Ikramov boshchilik qildilar.
Kun davomida bo‘lib o‘tgan muloqotda tomonlar O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimidagi islohotlar, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurash, ommaviy axborot vositalari erkinligi, mehnat huquqlari, jinoyat qonunchiligini takomillashtirish, vijdon erkinligi, penitensiar tizimni rivojlantirish hamda gender tenglik va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtab o‘tildi.
Yevropa Ittifoqi tomoni yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan inson huquqlariga taalluqli konstitutsiyaviy normalar soni 3 baravarga ko‘payganligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Shuningdek, yig‘ilishda terrorizmga qarshi kurash, mehnat migratsiyasi, chegaralarni boshqarish hamda giyohvand moddalar sohasidagi strategiya muhokama qilindi.
Tadbir do‘stona va ochiqlik muhitida o‘tdi.
Adliya yangiliklari
- Qo'shildi: 24.06.2024
- Ko'rishlar: 1416
- Chop etish