26-iyun kuni Sankt-Peterburg shahrida XII Peterburg xalqaro yuridik forumi ochildi. Forum doirasida Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan “Huquqlarni himoya qilish va konstitutsiyaviy nazorat” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Xalqaro anjumanda dunyoning 25 mamlakatidan vakillar qatnashdi. Ishtirokchilar tarkibi asosan ushbu davlatlar Konstitutsiyaviy sudlarining raislari va sudyalari, taniqli huquqshunos olimlar va yuridik hamjamiyat namoyandalari, shuningdek, tadqiqotchi va amaliyotchi huquqshunoslardan iborat bo‘ldi.
Konferensiyada “Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni ta’minlash maqsadida konstitutsiyaviy nazorat tashabbusini ilgari surish”, “Konstitutsiyaviy nazorat natijasida huquq va erkinliklarni himoya qilishning ta’minlanishi” kabi mavzular muhokama qilindi.
Tadbirda Belarus Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Petr Miklashevich hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov moderatorlik qildi.
Muzokaralarda Rossiya, Belarus, O‘zbekiston, Malayziya, Falastin, Tailand, Kambodja, Marokash, Efiopiya, Indoneziyaning Konstitutsiyaviy sudlari vakillari so‘z chiqdi. Ular o‘z mamlakatlaridagi konstitutsiyaviy nazorat tajribasi haqida to‘xtaldilar.
Ma’lumot uchun: Peterburg xalqaro yuridik forumi 2011-yilda tashkil etilgan. Sankt-Peterburgda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu forum fuqarolar, tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, huquqiy madaniyatni rivojlantirish maqsadida qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish masalalarini professional muhokama qilish uchun eng yirik huquqiy platformalardan biri hisoblanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.06.2024
- Ko'rishlar: 1650
- Chop etish