27-iyun kuni Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbir XII Peterburg xalqaro yuridik forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.
MDH Komissiyasining yig‘ilishi offlayn va onlayn shaklda tashkil etildi. Unda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi.
Komissiyaning onlayn majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev qatnashdi.
Tadbirni MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova ochdi. MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev yig‘ilish ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.
Ma’lumki, 2023-yilda MDHning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasini shakllantirish tartibi yakunlandi. Komissiya tarkibiga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistondan vakillar kirdi.
Komissiya faoliyati Hamdo‘stlik makonida inson huquqlarini himoya qilishni yaxshilash uchun hissa qo‘shishga qaratilgan. Mazkur yangi organ tegishli sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish va amaliy takliflar ishlab chiqish uchun o‘ziga xos muloqot maydonchasi hisoblanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.06.2024
- Ko'rishlar: 1516
- Chop etish