O‘zbekistonda olib borilayotgan jadal islohotlar BMT tomonidan izchil qo‘llab-quvvatlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish 30 iyun – 1 iyul kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 1 iyul kuni bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat avvalida BMT Bosh kotibi davlatimiz rahbariga O‘zbekistonga kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, davlatimiz rahbari A.Guterrishning respublikamizga bu galgi, ikkinchi tashrifi "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar BMT tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganining tasdig‘i ekanini ta’kidladi.

Muzokaralar chog‘ida global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilindi.

Hamkorlikning jadal sur’ati va misli ko‘rilmagan yuqori darajasi katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

140 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarning o‘zida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 10 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Yil boshidan buyon BMT Bosh kotibining beshta o‘rinbosari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. O‘tgan oyda mamlakatimiz Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (ECOSOC) tarkibiga va Xalqaro mehnat tashkilotining Ma’muriy kengashiga saylandi. O‘zbekiston vakili birinchi marta BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi bo‘ldi. Toshkentda BMTning yana bir maxsus muassasasi – Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro jamg‘armaning vakolatxonasi ish boshladi.

Birgalikda global kun tartibiga oid yirik xalqaro tadbirlar, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, kambag‘allik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda. Kelgusi yilda Samarqandda YUNESKOning 43-bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan ham fikr almashildi. Davlatimiz rahbari Bosh kotibning xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, BMT va uning asosiy organlarini isloh qilish hamda joriy yilda Nyu-York shahrida Kelajak sammitini o‘tkazish tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Mintaqada transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, oziq-ovqat, energetika va axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilinib, afg‘on xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, jahon hamjamiyatining bu mamlakatga nisbatan umumiy strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida 2026-2030 yillarda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha BMT bilan hamkorlikning hadli dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shundan so‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga jahonda hamjihatlik va birdamlikni faol ilgari surish, tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun O‘zbekistonning oliy davlat mukofotlaridan biri – "Oliy Darajali Do‘stlik" ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari mukofotni topshirar ekan, A.Guterrishning O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi yuksak darajaga yetishiga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida e’tirof etdi.

Bosh kotib O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan global va mintaqaviy ahamiyatga molik keng ko‘lamli islohotlar va tashabbuslarni, shuningdek, BMT institutlarining respublikamizdagi faoliyati kengayishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.

BMT rahbarining xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, global boshqaruv institutlarini isloh qilish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, "yashil" va raqamli taraqqiyot, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi ko‘p yillik sa’y-harakatlari qayd etildi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi qat’iy intilishlar ifodasi sifatida Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdilar.

Shu kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Yuqori Chirchiq tumanidagi quvvati 200 megavatt bo‘lgan "ACWA POWER RIVERSIDE SOLAR" quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Oliy martabali mehmonga 2030 yilgacha O‘zbekistonda yashil energetikani rivojlantirish strategiyasi, muqobil energiya ishlab chiqarish sohasida quvvatlarni yaratish dasturi haqida taqdimot qilindi.

Jumladan, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatida qiymati 400 million dollarlik, 200 megavatt quvvatiga ega bo‘lgan loyiha amalga oshirildi. Buning uchun 460 gektar yer maydoni ajratilgan. Hozirgi kunda 150 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, keyinchalik Parkent tumanida 500 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushiriladi. 

Mazkur sa’y-harakatlar natijasida 130 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilib, atmosferaga 180 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

Asosiy maqsad aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishdir.

BMT Bosh kotibi mamlakatimizda quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini aytib o‘tdi. Bu borada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi maqsad va vazifalarga erishishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Oliy Majlis Senatida bo‘ldi.

O‘zbekistonning BMT va uning institutlari bilan ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish, global siyosat va mintaqaviy masalalar bugungi kunning muhim mavzularidandir. 

Uchrashuvda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bilan bog‘liq, jumladan, gender tengligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi. So‘nggi yillarda gender tenglikka erishish, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga teng imkoniyatlar yaratish borasida O‘zbekistonda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, bunda BMTning tavsiyalari ham muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlandi.

Xususan, parlamentlararo munosabatlar ko‘lami, gender tenglik, ayollarning ta’lim olish huquqlari, global iqlim o‘zgarishlari sharoitida amalga oshirish lozim bo‘lgan vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi Dilbuloq mahallasida ham bo‘ldi.

Mahalla milliy qadriyatlar maskani sanaladi. Ko‘plab xayrli ishlar, ezgu tashabbuslar mahallalarda, xalq bilan maslahatlashilgan holda amalga oshiriladi. 

Oliy martabali mehmonga keyingi yillarda bu tizim bosqichma-bosqich rivojlantirilib, endi mahalla mas’ullari yanada keng imkoniyat va vakolatlarga ega bo‘lgani haqida so‘zlab berildi. 

Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat tizimga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shilib, “mahalla yettiligi” joriy etilgani ta’kidlandi. Ular o‘z hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligi va hamjihatligini ta’minlash, ijtimoiy-huquqiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarni hal qilishda birgalikda faoliyat olib borishi qayd etildi.

Shu yerda mahalla ahli, nuroniylar bilan muloqot bo‘ldi. Unda mahalla hayoti, bu yerdagi boshqaruv tizimi haqida so‘z bordi. Shuningdek, hududdagi kichik xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish ob’ektlari faoliyati bilan tanishildi. 

Dilbuloqda 6 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydi. Mahallada bog‘cha, oilaviy poliklinika, sport maktabi, savdo, sanoat va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda.

Mahalla idorasi yangi qurilgan. Ko‘p qavatli uylar yo‘lagi va ichki ko‘chalar ta’mirlangan. Hududdan o‘tuvchi anhor bo‘yi tartibga keltirilib, obod sayilgohga aylantirilgan. Ishkomlar, mevali va manzarali daraxtlar, piyodalar yo‘laklari mahallaga ko‘rk bag‘ishlab turibdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish mahalla mamlakat taraqqiyotida muhim o‘rin tutuvchi noyob institut ekanini alohida ta’kidladi. O‘zbekistonda aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash uchun bu tuzilma imkoniyatlaridan keng foydalanilayotganini yuqori baholadi. 

Shu bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning mamlakatimizga rasmiy tashrifi yakunlandi. 

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech