Vatan timsollari – aziz va muqaddas

2-iyul O‘zbekiston Respublikasi

Davlat gerbi qabul qilingan kun

 

Davlatchiligimiz tarixining qaysi bir davrini olib qaramaylik, davlat ramzlari Vatan timsoli sifatida hamisha aziz va muqaddas sanalgan. Shu ma’noda, davlat ramzlarini e’zozlash har bir insonning o‘z qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, mamlakatiga va shaxsan o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash demakdir.

Davlat bayrog‘i va Davlat madhiyasi kabi Davlat gerbi ham xalqimiz shon-sharafi, g‘ururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassamlashtiradi. Binobarin, 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi tarixiy qonunga muvofiq, mustaqil davlatimizning oliy ramzlaridan biri – Davlat gerbi tasdiqlangan.

Mutaxassislarning ma’lumotlariga qaraganda, davlat gerbi miloddan avvalgi uch minginchi yillardanoq bashariyatga ma’lum. Qadim zamonlarda gerb shu davlatning o‘ziga bo‘lgan ishonchini, o‘z mustaqilligini himoya etishga tayyor ekanini, bunyodkorlik maqsadlarini anglatgan hamda davlat va jamiyat hayotining boshqa jihatlarini shartli rasm yoki belgi tarzida ifodalagan.

Arxeologik qazishmalar yurtimizda davlat ramzlari ko‘p ming yillik tarixga ega ekanini, milliy davlat qurilishi va madaniy rivojlanish tarixi bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi. Jumladan, qadimgi davrlarda muhr, tanga va buyumlarga shahar, davlat yoki hunarmandchilik uyushmalarining gerbi suratlarini tushirish keng tarqalgan.

Shu o‘rinda aytish joizki, sohibqiron bobokalonimiz Amir Temur tuzgan markazlashgan davlat o‘zining gerbi – uch halqa shaklidagi tamg‘asi bilan dunyoga tanilgan.

Vatanimiz istiqlolga erishgach, xalqimizning azaliy orzu-istaklari, ezgu intilishlari mamlakatimizning yangi davlat ramzlarida, jumladan, Davlat gerbida o‘zining yorqin ifodasini topdi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi – davlatimiz egamenligi, xalqimiz mustaqilligi ramzi. Istiqlolni qo‘lga kiritib, o‘z mustaqil mamlakatining Davlat bayrog‘i, Davlat madhiyasi va Davlat gerbiga ega bo‘lgani – xalqimizning chin ma’noda ozod va hurligi belgisidir.

 “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunda Davlat gerbi mustaqilligimizning ramzi ekani huquqiy asosda mustahkamlab qo‘yilgan. Shu bilan birga, qonunda Davlat gerbining qanday ko‘rinishga egaligi yaqqol ifodalab berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbida xalqimizning tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topgan. Unda tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari qiyg‘os ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi.

Davlat gerbining yuqori qismida sakkiz burchak, uning ichki qismida yarim oy va yulduz, markazida Humo qushi tasvirlangan. Pastki qismida yurtimiz Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar tasmasiga “O‘zbekiston” deb yozib qo‘yilgan.

Biz uchun suyuk va buyuk ana shu yorqin tasvirdagi har bir chiziq, har bir rang, har bir belgida muayyan ramziy ma’nolar mujassam. Davlat gerbida o‘z ifosini topgan:

  • jannatmonand diyorimiz husn-tarovatiga ishorat etuvchi manzaralar – tog‘, daryo, bug‘doy boshog‘i, g‘o‘za va chanoqlar;
  • xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlari ifodasi – quyosh, yarim oy, yulduz;
  • jamiyatimiz jipsligi belgisi – musamman, ya’ni sakkiz qirrali yulduz;
  • omad, himmat, oliyjanoblik, erksevarlik va fidoyilik ramzi bo‘lgan afsonaviy Humo qushi – bularning barchasi millatimiz, xalqimiz hayoti, tarixi, ma’naviyati va an’analari bilan chambarchas bog‘liq timsollardir.

Davlat gerbida markaziy o‘rin tutuvchi Humo qushi ramzini olib ko‘raylik. Manbalarga qaraganda, xalqimiz Humoni azaldan davlat qushi sifatida tasavvur qilib kelgan.

Zaminimizda necha ming yillar ilgari paydo bo‘lgan afsonalarda Humo go‘zal qush qiyofasidagi baxt, taqdir va badavlatlik timsoli hisoblangan. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston xalqining shon-sharafi, g‘ururi, tarixiy xotirasi va ezgu intilishlarini o‘zida mujassamlashtirgan Davlat gerbi – jonajon Vatanimizning betakror timsollaridan biri bo‘lib qolgani tabiiydir.

Davlat gerbi tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘oz va obligatsiyalarda, fuqarolik pasportlarida hamda qonunda belgilangan boshqa o‘rinlarda aks ettirilgan.

Mamlakatimizda davlat ramzlari, shu jumladan, Davlat gerbi ham qonun bilan muhofaza qilinadi. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda turgan o‘zga shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari shart.

Davlat ramzlariga bo‘lgan munosabatimiz, birinchi galda, shu ramzlar to‘g‘risidagi qonunlarni puxta o‘rganish va ularga so‘zsiz amal qilishimizda yanada yaqqol ko‘rinadi.

Davlat gerbining takrorlanayotgan tasviri, uning katta-kichikligidan qat’i nazar, qonunda tasdiqlangan tasvirga mos bo‘lishi kerak. Bu, o‘z navbatida, Davlat gerbini nafaqat o‘rnatish yoki tasvirini tushirish, balki targ‘ib etish jarayonida ham uni qabul qilingan tasnif asosida to‘g‘ri talqin etishni taqozo qiladi.

O‘zini shu tabarruk zamin fuqarosi deb bilgan, o‘z mamlakati, xalqi bilan cheksiz faxrlangan har bir inson Davlat gerbini, shu singari boshqa bebaho ijtimoiy-siyosiy qadriyatlarimiz bo‘lgan davlat ramzlarini Vatanimiz kabi aziz va muqaddas deb e’tirof etishi, e’zozlashi tayin.

Mamlakatimizda Davlat gerbi qabul qilingan sananing har yili keng nishonlanayotgani, shubhasiz, xalqimizning vatanparvarlik his-tuyg‘ulari, ozodlikka va baxt-saodatga intilishi har bir fuqaromiz uchun istiqlol yillarida muqaddas mazmun kasb etgan davlat ramzlarida bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘layotganidan yaqqol dalolatdir. Bu bejiz emas.

Chunki Vatanimizx timsollari va davlatimiz ramzlari milliy g‘ururimizni yuksaltirishga xizmat qiladi. Ularning har qaysisi katta bir darslik, ulug‘ tarbiya vositasidir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech