Samarqand forumi ishtirokchilaridan minnatdorchilik xatlari kelmoqda

Mamlakatimizda joriy yil 13-14 iyun kunlari “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusida o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha IV an’anaviy Samarqand forumida 200 nafardan ortiq xalqaro, mintaqaviy, xorijiy va milliy tashkilotlar vakillari off-layn va on-layn ishtirok etdi. Forum ishtirokchilaridan minnatdorchilik xatlari kelishda davom etmoqda.

Bu maktublarda avvalo O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqlarida mazkur Forumni o‘tkazish tashabbusini ilgari surgani hamda Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaat yo‘llagani uchun minnatdorchilik bildirilgan. Shuningdek, an’anaviy xalqaro anjumanning yuksak professional darajada va yuqori saviyada tashkil qilingani e’tirof etilgan.

O‘zbekiston tomonining sa’y-harakatlari tufayli Samarqand forumi inson huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalarini muhokama qilish, tajriba almashish va qo‘shma strategiyalarni ishlab chiqish uchun o‘ziga xos platforma bo‘ldi, deyiladi minnatdorchilik xatlarida. Forum inson huquqlari sohasidagi dolzarb muammo va tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiya va strategiyalarni ishlab chiqish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda inson huquqlarining ahamiyati va ularni himoya qilish zarurligi to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish uchun qulay maydonga aylandi.

Maktublar mualliflarining fikricha, atrof-muhit muammolari va inson huquqlari o‘rtasidagi munosabatlarga bag‘ishlangan bu galgi Forum mavzusi misolida iqlim o‘zgarishining tezlashishi, tabiiy resurslarning kamayishi va atrof-muhitning tanazzulga uchrashi sharoitida ushbu muammolarning dolzarbligi yana bir bor ta’kidlangani juda muhim.

Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi ishtirokchilari inson huquqlari va atrof-muhitni muhofaza etish sohasida yanada samarali hamkorlik qilish va inson huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq ezgu amallarni birgalikda izchil davom ettirishga ishonch bildirganlar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech