3 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Niderlandiya Bosh shtatlari vakillar palatasi (Parlamenti) Tashqi ishlar qo‘mitasining raisi Raymond de Run bilan uchrashdi.
Uchrashuv A.Saidovning Gaagaga amaliy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston – Niderlandiya parlamentlararo hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Raymond de Run O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasida barcha sohalar, jumladan, parlamentlararo aloqalar borasida ham o‘zaro hamkorlik sur’ati izchil o‘sib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Niderlandiya tomoni mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar, demokratlashtirish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlariga katta qiziqish bildirdi.
Shuningdek, parlamentning davlat organlari tizimidagi roli va o‘rnini oshirish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni ikki va ko‘p tomonlama, jumladan, Parlamentlararo Ittifoq va Yevropa parlamenti doirasida rivojlantirish hamda mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.07.2024
- Ko'rishlar: 1265
- Chop etish