O‘zbekiston – Saudiya: umumiy qadriyat – do‘stona munosabat asosi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Saudiya Arabistoni Sho‘ro Kengashi “Saudiya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik qo‘mitasi raisi Muhammad bin Abdulaziz Al-Jarba boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Podshohlikning yetakchi axborot agentligi – SPA ushbu muloqot tafsilotini keng yoritdi.

Maqolada tarixiy aloqalar, umumiy qadriyatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabat uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotgani, davlat rahbarlarining yuksak siyosiy irodasi tufayli so‘nggi yillarda o‘zaro aloqalar yangi sifat bosqichiga ko‘tarilgani e’tirof etilgan. Xususan, tovar ayirboshlash miqdori, qo‘shma korxonalar va havo qatnovi soni ortib bormoqda. Yashil energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash sohalarida, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, axborot texnologiyalarini rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekiston-2030” va “Nigoh-2030” strategiya dasturlaridagi taraqqiyotga yo‘naltirilgan maqsad, vazifalar o‘xshash. Delegatsiya a’zolariga Strategiya doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, Qonunchilik palatasi faoliyati, qonun ijodkorligi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalari ish uslubi, parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Suhbat chog‘ida so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabat izchil rivojlanayotgani, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik ko‘lami kengayib borayotgani, siyosiy, iqtisodiy muloqot faollashgani ijobiy baholandi.

Shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni, xususan do‘stlik guruhlari faoliyatini chuqurlashtirish, tashriflar almashinuvini davom ettirish, Ar-Riyod va Jidda shaharlarida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni o‘tkazish, turizm va boshqa ustuvor sohalarda hamkorlikni mustahkamlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini birgalikda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston parlamentlararo do‘stlik qo‘mitasi raisi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida keyingi yillarda amalga oshirilgan mutanosib, ochiq va konstruktiv tashqi siyosatni, keng ko‘lamli islohotlar samarasini alohida ta’kidladi.

Zero, ikki davlat rahbarlarining o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori bugun amaliy sa’y-harakatlarda yaqqol namoyon. Delegatsiya rahbari O‘zbekistonda turli sohalar, jumladan turizm bo‘yicha keng imkoniyat, salohiyat mavjudligini mamnuniyat bilan qayd etib, ayni yo‘nalishda istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi, o‘zaro hamkorlik yanada rivojlanishiga ishonch bildirdi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA

Powered by GSpeech