30-iyun – 1-iyul kunlari Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining navbatdagi 23-sessiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligining Jidda shahrida bo‘lib o‘tdi. IHT qarorgohida tashkil etilgan ushbu tadbirda tashkilotga a’zo barcha davlatlar vakillari ishtirok etdi.
Sessiya ishida IHT Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha, BMT vakillari, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi Jasem Muhammad Al Budayvi, Arab davlatlari ligasi Bosh kotibiyati vakillari hamda mintaqaviy tashkilotlar ekspertlari, IHTga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘ldi.
Ushbu tadbirda mamlakatimiz vakillari – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova va Milliy markaz eksperti Oybek Ahmadov qatnashdi.
30-iyun kuni ochiq tarzda boshlangan sessiya “Sun’iy intellektning inson huquqlariga ta’siri: muammo va imkoniyatlar” mavzusiga bag‘ishlandi.
Tadbir IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi ijrochi direktori Nura bint Zayd Al Rshudning tabrik so‘zlari bilan ochildi. U o‘z nutqida IHTning inson huquqlari sohasida erishgan yutuqlarini oshirish ustida ish olib borilayotganiga to‘xtalib, asosan islomofobiya, musulmon ozchiliklar huquqlari, oilaviy qadriyatlar, ayollar va bolalar huquqlari kabi masalalar ko‘rib chiqilayotganini ta’kidladi.
IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi, elchi Talal Al-Mutayri o‘z nutqida mazkur Komissiyaning tashkil etilishini IHT tarixidagi muhim bosqich sifatida qayd etdi. Shuningdek, u sun’iy intellektning inson huquqlariga ta’siri bilan bog‘liq sessiya mavzusiga to‘xtalib, Komissiya manfaatdor tomonlar va ekspertlar o‘rtasida muhokama tashkil etish orqali ushbu masala bo‘yicha tashabbus ko‘rsatishga intilayotganini ta’kidladi.
Muhokamalarning yakuniy hujjati sun’iy intellekt texnologiyalarini axloqiy rivojlantirish, tarqatish va qo‘llash bo‘yicha milliy siyosat asoslari va harakat rejalarini shakllantirish uchun qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
IHT Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha o‘zi rahbarlik qilayotgan xalqaro tashkilot mazkur Komissiya va uning a’zolarini inson huquqlari bo‘yicha olib borayotgan ishlarida doimiy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Bosh kotib o‘z nutqida texnologik taraqqiyotning asosiy huquq va qadriyatlarga mos kelishini ta’minlash uchun sun’iy intellektning inson huquqlariga ta’sirini tushunish muhimligini qayd etdi. Islom olamining ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – ISESCO “Sun’iy intellekt bo‘yicha Islom olami Xartiyasi”ni yaratishda yetakchilik qilayotganini ham eslatdi.
Sessiyaning asosiy qismi “Sun’iy intellektning inson huquqlariga ta’siri: muammo va imkoniyatlar” mavzusidagi ma’ruzalarga bag‘ishlandi. Unda xalqaro ekspertlar, soha vakillari va IHTga a’zo mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur sessiyada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Muratova “Sun’iy intellektning inson huquqlariga ta’siri” mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etib, mavzuga oid bir qancha takliflarni ilgari surdi. Ushbu takliflar sessiya qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi va ijobiy baholandi.
Ma’ruzalar tinglangach, Komissiya a’zolari va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar vakillari ishtirokida mavzu doirasida ochiq muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Asosiy qism yakunida sessiyaning muvaffaqiyatli o‘tishidagi faol ishtiroki uchun IHT Komissiyasi ijrochi direktori Nura bint Zayd Al-Rshud tomonidan 6 nafar ishtirokchiga Komissiyaning maxsus tashakkurnomalari topshirildi. O‘zbekiston vakili D.Muratova ham tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Sessiyaning ikkinchi kuni – 1-iyulda “Xalqaro sudning G‘azo bo‘yicha qarori: kelajak uchun oqibatlari va oldinda turgan eng maqbul yo‘l” mavzusida IHT Komissiyasining yuqori darajadagi tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbirda, xususan, Falastin davlatining BMTdagi doimiy vakili, elchi Riyoz Mansur, Saudiya Arabistonining IHTdagi doimiy vakili, elchi doktor Solih Suhayboniy, Falastindagi “Al-Quddus nomli inson huquqlari klinikasi va jamoat harakati markazi” direktori doktor Munir Nusayba, Arab davlatlari ligasi Inson huquqlari boshqarmasi direktori Munir Al Fassiy kabi ekcpertlar ishtirok etdi. Ular G‘azodagi gumanitar inqiroz masalasida Xalqaro sudning qarori yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
O‘z navbatida, IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi 23-sessiyasining ishi 3-4-iyul kunlari yopiq tarzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunda inson huquqlariga oid turli muammolar, xususan, islomofobiya, musulmon ozchiliklar, ayollar va bolalar huquqlari kabi ustuvor masalalarni hal etish bo‘yicha Komissiya ishchi guruhlari tomonidan muhokamalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.07.2024
- Ko'rishlar: 1424
- Chop etish