Poytaxtimizda «Bandlik va ijtimoiy himoyani uyg‘unlashtirish orqali O‘zbekistonda ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Unda Senat Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh direktori Jilber Ungbo, vazirlik va idoralar, NNT, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar keyingi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida O‘zbekistonda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlanganlarni har tomonlama himoya qilish, majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berishning tashkiliy, huquqiy asoslarini mustahkamlash, bu borada davlat va nodavlat tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
T.Norboyeva konferensiya ijtimoiy adolatni mustahkamlash, aholi bandligi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, inson huquqlari institutini mustahkamlash, tengsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, ularning oldini olish sohasidagi siyosatni takomillashtirish yo‘lidagi dastlabki qadam ekanligini alohida ta’kidladi.
J.Ungbo O‘zbekiston majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha katta yutuqlarga erishganini, bu borada boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lganini alohida ta’kidladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan va ijtimoiy hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan islohotlarning keng qamrovli ekaniga urg‘u berdi.
Qayd etilganidek, yurtimizda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi. Munosib mehnat standartlarini joriy etishga kirishildi. Natijada o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilindi.
Bundan tashqari, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqiy himoyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Tadbirda inson huquqlarini himoya qilish, munosib ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyani mustahkamlash «O‘zbekiston -2030» strategiyasining ajralmas qismi ekanligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning bandlikni ta’minlash borasidagi ishlariga ham e’tibor qaratilib, keyingi yillarda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda ishsizlik darajasi 2020 yildagi 10,5 foizdan 2024 yilda 6,8 foizga tushdi.
Kambag‘allik darajasi esa 2021 yildagi 17 foizdan 2023 yil yakuniga kelib 11 foizga tushdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston ijtimoiy adolat va munosib mehnat tamoyillarini joriy qilish yo‘lidan dadil bormoqda.
O‘zbekiston tomonidan XMTning 144-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilingach, 2019 yilda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Ish beruvchilar respublika Konfederatsiyasi vakillaridan iborat Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasi tashkil etildi.
Anjuman doirasida «Mehnat me’yorlari va huquqlarining bugungi kundagi holati», «Yashil iqtisodga o‘tish uchun munosib mehnat ish o‘rinlarini moliyalashtirish» va boshqa mavzulardagi panel sessiyalar ham o‘tkazildi.
Yakunda konferensiya rezolyutsiyasi qabul qilindi.
N. Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 10.07.2024
- Ko'rishlar: 1589
- Chop etish