10-iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik to‘rtinchi yalpi majlisida, jumladan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi. Ushbu hujjat bilan sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida ish beruvchining bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron shaklda yuborish shartlari belgilanmoqda.
Shuningdek, qonunda xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish mezonlari aniq belgilab berilayotganligi hamda O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bilan o‘zaro muvofiqlashtirilayotganligi kelgusida ishchilarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qonunda bandlikni rag‘batlantirish va aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun subsidiyalar vazirlik va idoralarning mablag‘lari hisobidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordamlar, ya’ni subsidiyalar ularning maqsadli jamg‘armalari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilib, ssuda ajratish yoki rad etishning asoslari belgilab qo‘yilmoqda.
Ish qidirayotgan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibi soddalashtirilmoqda. Unga ko‘ra ish qidirayotgan shaxslarning ish staji, ma’lumoti (mavjud bo‘lgan taqdirda), ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqa ma’lumotlar mahalliy mehnat organi tomonidan mas’ul davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan, “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olinishi belgilanmoqda.
Qonunda ishga joylashtirishga doir yo‘llanmalar va ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnomalar asosida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish tartibi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqlashtirilmoqda.
Qonun asosida mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinganda moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar belgilanib, agar mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, ish qidirish davrida o‘rtacha oylik ish haqining ishdan bo‘shatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq ko‘pi bilan ikki oyga saqlanib qolishi xodimlar uchun kafolatlanishi nazarda tutilmoqda.
Qonunda ishdan va ish haqi (mehnat daromadi)dan mahrum bo‘lgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritilib, ishsizlik nafaqasini to‘lashni tugatish va to‘xtatib turish tartiblari, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslar bilan bunday ishlarda ishtirok etish uchun mehnat shartnomasi muddatini o‘n bir oygacha bo‘lgan muddatga tuzish asoslari, ishsiz shaxslarga stipendiya to‘lash shartlari belgilanmoqda hamda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari takomillashtirilmoqda.
Hujjatda ishsiz shaxslarga kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiyalarni to‘lash mezonlari aniq belgilanmoqda. Ta’kidlanganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi ishga joylashtirish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirishga, ishga joylashtirish bo‘yicha murojaat qilayotgan fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga chek qo‘yish hamda aholining davlat organlariga nisbatan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 18 ta masala, shu jumladan, 14 ta qonun muhokama qilindi, deyiladi Oliy Majlis Senati Axborot xizmatining xabarida.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.07.2024
- Ko'rishlar: 1465
- Chop etish