11 iyul kuni Toshkent shahrida “Ayollar huquqlarini himoya qilishda xalqaro va milliy mexanizmlar” mavzudagi onlayn o‘quv kursi yakuniga yetdi. Ushbu uch kunlik ma’rifiy tadbir Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning 45-yilligiga bag‘ishlandi.
O‘quv kursi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamkorligida tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, uning hududiy bo‘limlari va namunali tumanlararo markazlari direktorlari hamda ushbu Markazning huquqshunoslari, jami 43 nafar tinglovchi onlayn ishtirok etdi.
O‘quv mashg‘ulotlarining uchinchi kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tayanch doktoranti Nilufar Mansurovaning chiqishi bilan boshlandi. U “Zamonaviy o‘zbek oilasidagi zo‘ravonlik va islom huquqi: axloq, qonun va inson huquqlari” mavzusida ma’ruza qildi.
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining Toshkent shahar hududiy markazi psixologi Umida Turg‘unova tinglovchilar bilan psixologik-pedagogik trening mashqlarini o‘tkazdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Izzatillo Ismoilovning “Yuridik maslahat xizmatlarini ko‘rsatish” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.
Muhokamalardan so‘ng ishtirokchilar o‘quv kursi yakuni bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tinglovchilarga “Ayollar huquqlarini himoya qilishda xalqaro va milliy mexanizmlar” mavzudagi onlayn o‘quv kursini tugatganligi yuzasidan sertifikatlar taqdim etildi.
Mashg‘ulotlar Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi ijrosi doirasida tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.07.2024
- Ko'rishlar: 1563
- Chop etish