12-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab qo‘mitaning 2024-yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati yakunlari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, inson huquqlarini muhofaza qilish kabi muhim yo‘nalishlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Xususan, qo‘mita qonun ijodkorligi yo‘nalishida 6 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘lgan. Ushbu qonun loyihalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan bir qator ishchi guruh hamda ekspertlar guruhi yig‘ilishlarida qonun loyihalari atroflicha ko‘rib chiqilib, pishiq-puxta holatga keltirilgan.
Shuningdek, qonun hujjatlarining ijro etilishi holatini o‘rganish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitish hamda quyi palata qarori ijrosini monitoring qilishga oid 5 ta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, qo‘mita a’zolari tomonidan mansabdor shaxslarga saylovchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan jami 22 ta deputat so‘rovi yuborilgan.
Hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda ularni hal etishga alohida e’tibor qaratilgan. Shunga ko‘ra, qo‘mita nomiga kelib tushgan jami 159 ta murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan. Ularning aksariyati ijobiy yechim topgan. Qo‘mita faoliyati ommaviy axborot vositalarida 1643 marotaba yoritilgan.
Ishtirokchilar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni atroflicha muhokama qildilar.
Yig‘ilishda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2024-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bandlarining bajarilishi yuzasidan axborotlari eshitildi. Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari Kengashining tegishli qo‘shma qarori ijrosi yuzasidan Parlament tadqiqotlari instituti direktorining ma’lumoti tinglandi.
Kun tartibidagi masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
- Qo'shildi: 15.07.2024
- Ko'rishlar: 1238
- Chop etish