HAR BIR SAHIFASI HAQQONIY TARIX

Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi. Zolimlar zulm va zug‘um bilan oqni qora, qorani oq qilib ko‘rsatishga urinishsa ham, baribir vaqt o‘tib haqiqat yuzaga chiqadi. To‘g‘ri, tarix qudug‘idan haqiqatni izlash va tiklash nihoyatda mashaqqatli ish. Buning uchun tarixiy hujjatlarni sinchiklab o‘rganish, qiyoslash, tekshirish, tahlil qilish, bir so‘z bilan aytganda, tadqiqot olib borish talab etiladi. Shukurki, davlatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgach, xalqimiz tarixidagi muhim voqea va hodisalarga xolisona baho berish, tarixiy haqiqat va adolatni qaror toptirishga qaratilgan ko‘plab keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borilmoqda.

Joriy yilda nashr etilgan “Tarixiy xotira beqiyos”[1] kitobi ham, hech shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi tarixiga oid chuqur va izchil tadqiqotlar mahsuli sanaladi.

Kitobning ilk sahifasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlari bilan boshlanadi: “Xalqimiz asrlar davomida og‘ir sinovlarda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib kelgan. O‘z ozodligi, erkinligi yo‘lida kurashib, behisob qurbonlar bergan ota-bobolarimiz jasorati xotiramizdan hech qachon o‘chmaydi”.

Kitobning bosh g‘oyasi va asosiy maqsadini ifodalagan ushbu fikrlar har birimizni donishmand xalqimiz, mard va jasur ajdodlarimizning qahramonliklari bilan yaqindan tanishishga, ularning jasoratlaridan o‘rnak olishga, shu nuqtayi nazardan, kitob mutolaasiga diqqat-e’tibor va mas’uliyat bilan kirishishga undaydi.

Ushbu ensiklopedik kitob O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan nashrga tayyorlanib, “Encyclopedia world” nashriyotida xalqaro andozalarga muvofiq tarzda yuqori sifat va did bilan chop etilgan.

Ushbu kitobning qanday o‘ziga xos xususiyatlari bor?

Birinchi xususiyati. Kitobning tuzuvchi-mualliflari nihoyatda katta jamoani tashkil etadi – 77 nafar yurist va tarixshunos olimlar hamda soha mutaxassislari mazkur nashrga asos bo‘lgan tadqiqotga hissa qo‘shganlar. Kitob O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning umumiy tahriri ostida nashr etilgan. Shuningdek, nashr uchun mas’ullar: Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori B. Hasanov, Bosh prokuror o‘rinbosari S. Samadov,  O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i A. Abdullayevning xizmatlarini ham e’tirof etish kerak.

Ikkinchi xususiyati. Dastlab kishi e’tiborini noodatiy uslub, falsafiy-ramziy surat va ranglar bilan ishlangan kitob muqovasi tortadi. Muqovada tikanli simlar domiga tushib qolgan “Martlet qushi” tasvirlangan. Martlet qushi G‘arb afsonalariga ko‘ra, mehnatsevarlik, qat’iyatlilik, iroda, matonat, intiluvchanlik ramzi hisoblanadi. Muqovada ushbu qushni aks ettirish orqali mamlakatimiz prokuraturasi tizimida vijdonan va halol xizmat qilgan, yuksak shaxsiy professional salohiyati bilan qisqa fursatda ulkan ishlarni amalga oshirgan, ammo fidokorona mehnati sobiq mustabid tuzumda qadr topmagan, aksincha, zug‘umkor qatag‘on siyosatining “tikanli simlari” iskanjasida qolgan xalqimizning fidoyi farzandlariga ishora qilingan. Muqova uchun botayotgan quyosh nurlaridan alvon tusga kirgan shafaq rangi tanlangan. Yozuvchi Nabi Jaloliddin “o‘limning rangi” deb atagan ushbu rang umidsizlik, zulm va qatag‘on timsolini ifodalagan.

Kitobxon asar mutolaasiga kirishar ekan, kitob muqovasida aks etgan dard uning sahifalarida yanada alangalanib borayotganini anglaydi.

Uchinchi xususiyati. O‘z mazmuniga ko‘ra ushbu kitob ensiklopedik xarakterga ega bo‘lib, unda XX asrning qatag‘on yillarida turli tuhmat va ig‘volar bilan tazyiqqa uchragan, lavozimidan bo‘shatilgan, hatto ozodlikdan mahrum qilingan yoki o‘lim jazosiga hukm etilgan, aslida esa hech bir aybi bo‘lmagan, jamiyatda adolat ustuvorligi uchun qat’iy kurashgan 40 nafar prokuratura xodimlarining fojiali qismati arxiv manbalari va tegishli hujjatlar asosida xolis ifoda etilgan. E’tiborli jihati shundaki, har bir prokuratura xodimi haqida ma’lumot berilar ekan, eng avvalo, manbalar aniq ko‘rsatilgan. Shaxslar, shaharlar, bino-inshootlar, xat va hujjatlarning rasmlari taqdim etilgan. Bu esa ma’lumotlarning xolis va ishonchli ekanini tasdiqlaydi, kitobxonda shubha qoldirmaydi.

To‘rtinchi xususiyati. Qatag‘on zulmiga uchragan prokuratura xodimlari haqidagi ma’lumotlarni o‘qir ekansiz, ularning fojiaviy qismatida muayyan umumiy jihatlar borligiga guvoh bo‘lasiz. Avvalo, ularning barchasi o‘z kasbida yuksak professional malaka va salohiyatga ega bo‘lgan. Adolatni ta’minlash yo‘lida vijdonan, halol xizmat qilgan. Sho‘ro amaldorlari, sobiq hukmron partiya rahbarlari nog‘orasiga o‘ynamagan va aksincha, adolatni ta’minlash yo‘lida ularga qarshi kurashishdan ham hayiqmagan. Alal-oqibat, tuhmat va bo‘hton qurboni bo‘lgan, nohaq jazolangan.

Misol uchun huquqshunos Habibulla Nig‘matullayev haqida kitobda keltirilgan ma’lumotlarga e’tibor qarataylik.

H. Nig‘matullayev 1905-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanida tavallud topgan. Dastlab To‘rtko‘l qishloq xo‘jaligi texnikumida, keyin bir yillik huquqshunoslik kursida ta’lim olgan. Chimboy, Taxtako‘pir, Kegeyli tuman prokuraturasida xizmat qilgan. 1929-yilda “yot unsurlar bilan aloqa qilganlik va ularni qo‘llab-quvvatlaganlik”da ayblanib, ishdan bo‘shatilgan va jazoga tortilgan. Ammo o‘ziga qo‘yilgan ayblar asossiz ekanini isbotlagan H. Nig‘matullayev 1935-yilda prokuratura tizimida qayta ishga tiklangan.

1937-yilda u ikkinchi marta hibsga olingan. H. Nig‘matullayev bu safar din arbobining o‘g‘li bo‘lganlikda, katta yer egasi sifatida yollanma mehnatdan foydalanganlikda va bu orqali kambag‘allarni eksplutatsiya qilganlikda “ayblangan”. Qariyb 20 oy davom etgan tergov davomida qiynoqlar va shafqatsiz tarzdagi jismoniy hamda ruhiy bosimlarga qaramay, H. Nig‘matullayev NKVD xodimlari tomonidan oldindan tayyorlab qo‘yilgan protokollarning birortasini ham imzolamagan, hech bir insonga tuhmat qilmagan. 1939-yilda u sud tomonidan aybsiz deb topilgan.

H. Nig‘matullayevga qarshi navbatdagi qatag‘on to‘lqini 1951-yilda uyushtirilgan. U do‘stining uyida ayni janoza marosimida ishtirok etayotgan paytida hibsga olingan. Stalinni haqorat qilganlikda ayblangan H. Nig‘matullayevga Turkiston harbiy okrugi harbiy tribunali hukmi bilan o‘lim jazosi tayinlangan. O‘limidan 38-yil o‘tib, ya’ni 1989-yilda o‘lim jazosi asossiz ravishda tayinlangani tan olinib, uning pok nomi oqlangan.

Kitobxon bu kabi fojiaviy qismatlar bilan yaqindan tanishar ekan, sobiq sho‘ro tuzumining mash’um qatag‘on siyosati to‘g‘risida keng va aniq tasavvur hosil qiladi, mustabid tuzum hech qachon adolatli bo‘lmasligini, adolat ustuvorligi faqat va faqat mustaqil davlatda hamda erkin jamiyatdagina barqaror bo‘lishini anglaydi, bugungi tinch va farovon, hur va ozod kunlarga shukronalik keltiradi.

Muxtasar aytganda, “Tarixiy xotira beqiyos” kitobi O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlarining haqqoniy tarixini tiklash, sobiq mustabid tuzum davrida asossiz ayblangan prokuratura fidoyilarining pok nomini oqlash, xalqimizga vijdonan va sadoqat bilan xizmat qilgan huquq himoyachilarining yorug‘ xotirasini yod olish va kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyatga ega. Kitob xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning prokuratura organlari xodimlarining sharafli faoliyati haqidagi tasavvurlarini yanada boyitishga xizmat qiladi. Yuridik sohada endi faoliyat boshlayotgan yosh mutaxassislarda g‘urur va iftixor, shu bilan birga, mas’uliyat hissini kuchaytiradi.

Tarixiy haqiqatni yuzaga chiqarishga hissa qo‘shuvchi tadqiqotlar o‘tkazish va kitoblar nashr etish ishlari bardavom bo‘lishiga tilakdoshman.

Akmal SAIDOV,

akademik

«Xalq so‘zi» gazetasining 2024-yil 18-iyul kungi 144 (8767)-soni

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kutubxonasi

 

[1] Tarixiy xotira beqiyos / O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N. T. Yo‘ldoshevning umumiy tahriri ostida; Tuzuvchi-mualliflar: R. T. Shamsutdinov va boshq.; Nashr uchun mas’ul: B. V. Hasanov va boshq. – Toshkent: “Encyclopedia world”, 2024. – 316 b.

Powered by GSpeech