Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Salim bin Muhammad al-Malik: O‘zbekiston – barakali zamin, ma’naviyat xazinasi, islom sivilizatsiyasining buyuk merosi sohibidir

Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori Salim bin Muhammad al-Malik "Dunyo" axborot agentligiga intervyu berdi.

– Bosh direktor janoblari, bilamizki, siz O‘zbekistonga bir necha bora tashrif buyurgansiz. Bugungi suhbatimizni mamlakatimiz haqidagi fikrlaringiz bilan boshlasak. O‘zbekistonni qanday tasavvur qilasiz, uning tarixi, madaniyati, zamonaviy taraqqiyoti va xalqaro maydondagi o‘rnini qanday baholaysiz?

 Bismillahir rohmanir rohiym. Men O‘zbekistonga kelganimda har safar o‘zim uchun yangidan-yangi qirralarni kashf etaman. Boy tarix va betakror madaniy merosga ega ushbu o‘lkadan zavq olaman. Binobarin, ushbu jihatlar mamlakatning asosiy ramzlaridan biri bo‘lgan – davlat bayrog‘idagi yorqin ranglarda ham o‘z aksini topgan.

O‘zbekiston bayrog‘ining ilhombaxsh etuvchi ranglarini ko‘zdan kechirayotganimda, bu bayroq oddiy tug‘ emasligiga, u o‘zida chuqur ma’nolarni ifodalovchi muqaddas ramzligiga amin bo‘ldim. Bayroq, faxrli voqealarga boy davlat tarixiga tayanadigan ramziy ranglarni ifodalovchi risoladir. Bu zaminning yerlari unumdor va barokatlidir. Xalqi esa tinchlikparvar va osoyishtalik ne’matini yuksak qadrlaydi.

O‘zbekiston bayrog‘idagi moviy rang mangu osmon va obihayot timsolini aks ettiradi. Bu rang, shuningdek, hayotning davomiyligi, xalqning umid va intilishlarini o‘zida ifodalagan.

Oq rang esa o‘zbek xalqining tinchlik, adolat va taraqqiyotga intilishini tasdiqlaydi. Bayroqdagi yashil rang Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) haqidagi sahih hadislarda rivoyat qilingan samoviy – Sirdaryo va Amudaryoning unumdorligidan dalolatdir.

O‘zbek zaminida, bilimga chanqoq, tinchlikka intiluvchi xalq yashaydi. U ma’rifatparvar xalqlar orasida munosib o‘rin egallashini azaldan isbotlab kelgan.

Albatta, O‘zbekiston – barakali zamin, ma’naviyat xazinasi, islom sivilizatsiyasining buyuk merosi sohibidir. Bugun esa biz innovator, Uchinchi Renesansga poydevor qo‘yayotgan, hamkorlikka ochiq, dunyoviy demokratik taraqqiyotga sodiqligini isbotlagan, zamon bilan hamnafas, o‘z madaniyatini tiklayotgan Yangi O‘zbekistonni ko‘ryapmiz.

Mamlakatingizning bugungi kunda xalqaro maydondagi faol pozitsiyasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Tashkilotga kelsak, shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi 15 yil ichida Toshkent, Buxoro va Xiva Islom madaniyati poytaxtlari deb e’lon qilingani yurtingizning buyuk tarixiga yuksak hurmat va uning islom dini hamda madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi e’tirofidir.

– ICESCO O‘zbekistonning buyuk tarixini tiklash, boy tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini dunyoga ochish, asrab-avaylash va kelajak avlodlar uchun yetkazish borasidagi sa’y-harakatlarini qanday baholaydi va bu jarayonda tashkilot qanday yordam ko‘rsatmoqda?

– O‘zbekistonda islom dinining insonparvarlik tamoyillarini targ‘ib qilish, ulug‘ muhaddislar ma’naviy merosini o‘rganish, ular xotirasini abadiylashtirish, yosh avlodni buyuk ajdodlar merosiga munosib holda tarbiyalash, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish istagida bo‘lgan musulmonlar uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida ulkan sa’y-harakatlar amalga oshirilayotganini ko‘rib turibmiz. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi ulug‘ ajdodlaringiz nomlari O‘zbekiston va uning islom olamidagi idroki bilan uzviy bog‘liq. Bu ilohiyot olimlarini yetishtirgan muborak zamin bilan hamkorlikni rivojlantirish biz uchun katta sharafdir.

O‘zbekiston va ICESCO o‘rtasidagi yaqin hamkorlik tashkilot tomonidan 2007 yilda Toshkentni Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinganidan boshlandi. O‘sha qutlug‘ sanadan boshlab o‘zaro manfaatlar, hurmat-ehtirom asosida, muqaddas dinimiz – dunyoviy va ma’rifiy islomni mustahkamlash yo‘lida samarali hamkorlik qilib kelyapmiz.

Tashkilotning barcha a’zolari Samarqand shahrining 2025 yilda Islom dunyosi poytaxti deb e’lon qilinishini qo‘llab-quvvatlaganidan mamnunmiz. Biz bu borada O‘zbekistonning turli tadbir va anjumanlar o‘tkazish bo‘yicha barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

– Yangi O‘zbekistonda ilm-fan va ta’lim rivojiga, jumladan, o‘zbek xalqining ma’naviy merosini o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor haqida fikringiz ham biz uchun muhim...

– O‘zbekiston rahbari, muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining jamiyatda ta’lim va ilm-fanning rolini oshirish, madaniyatni asrab-avaylash va yuksaltirishga qaratilgan sa’y-harakatlari va tashabbuslarini Alloh taolo barokatli qilsin.

Mamlakatda ijtimoiy taraqqiyotning bu muhim masalalariga qanchalik har tomonlama va oqilona yondashilayotganining shohidi bo‘lib turibmiz. Davlatingiz rahbari ma’naviyat – tarixiy binoning gumbazi, munosib kelajak poydevori ekanini yaxshi tushunadi. U asrlar davomida millionlab insoniy taqdirlar asosida shakllangan.

Puxta tahlil va ilmiy xolislik tufayli olimlarning sa’y-harakatlari, O‘zbekiston tarixining eng muhim sahifalari qayta ochildi, ko‘plab atoqli madaniyat, fan arboblari, o‘zbek xalqining buyuk ajdodlari nomlari qayta tiklandi. Avvalo, Sharq Uyg‘onish davrini boshlab bergan Amir Temur va Temuriylar davri o‘zining munosib bahosini oldi. Temuriylar davridagi ma’rifatli Movarounnahr ruhi, ilm-fan va madaniyatning gullab-yashnashi Yevropa Uyg‘onish jarayoniga katta ta’sir ko‘rsatdi va jahon tamadduniga xizmat qildi. Sohibqiron Amir Temur bugun nafaqat O‘zbekiston xalqining, balki butun insoniyatning faxridir.

Sharqning buyuk mutafakkirlari – Al-Buxoriy, At-Termiziy, Xoja Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Al-Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa o‘zbek zaminidan yetishib chiqqan daholarning tabarruk nomlari, betakror asarlari va ishlari qayta tiklandi.

O‘sib kelayotgan yosh avlodni xalq ma’naviyatining munosib davomchisiga aylantirish borasidagi ustuvor vazifalar ham aniq belgilab berilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi o‘zbek xalqining ulkan merosini asrab-avaylash va o‘rganishga sadoqatini, ilm-fan va ta’lim rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini o‘zida mujassam etgani yuksak e’tirofga sazovordir.

– Mamlakatimizda ma’naviyat sohasida olib borilayotgan siyosat borasida fikringizni bilmoqchi edik. Sizningcha, ma’naviyatni yuksaltirish mamlakatning zamonaviy taraqqiyotiga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

– Tarixdan ma’lumki, madaniyat va ta’lim, tibbiyot, adabiyot, san’at va me’morchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq va qurilishning jadal ravnaq topishiga turtki bo‘lgan bunday sivilizatsiyaning yuksalishi, avvalambor, mintaqada tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash orqali amalga oshdi. Binobarin, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson faoliyatining barcha jabhalarida, ayniqsa, madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar va muvaffaqiyatlarga tarixiy nuqtai nazardan qarasak, ularni haqli ravishda mustaqillik Renessansi davri yutuqlari, deb aytishimiz mumkin.

O‘zbekistonning ma’naviy qadriyatlarni tiklash bo‘yicha tanlagan yo‘li madaniyat sohasida ham o‘zining naqadar to‘g‘riligini tasdiqladi, bunda davlat nafaqat bosh islohotchi, balki xayrixohga aylandi. Bugun biz bu ko‘mak naqadar konstruktiv bo‘lganini, san’at rivojiga qanday ulkan turtki berganini ko‘rib turibmiz.

Mamlakatda o‘tkazilayotgan xalqaro folklor musiqa festivallari, maqom, baxshichilik, "Sharq taronalari", hunarmandlar anjumanlari va boshqa an’anaga aylanib borayotgan ko‘plab tadbirlar buning yaqqol tasdig‘idir.

Yaqinda Zominda bo‘lib o‘tgan Xalqaro maqom san’ati anjumanida ishtirok etdim. Mazkur festivalning tashkil etilishi yuksak tahsinga sazovor bo‘lib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining madaniy qadriyatlarga bo‘lgan shaxsiy e’tibori va yuksak munosabatini namoyon etadi.

Ma’naviyat, madaniyat va san’at inson qalbiga osonlikcha kirib boradigan qudratli vositadir. Shuning uchun ham insonlarni birlashtirib, ularni Vatan va xalq manfaatlari, ezgulik va insonparvarlik tamoyillari bilan bog‘liq yangi marralarga undaydigan ana shunday muqaddas tushunchalar borligini to‘g‘ri anglash ham juda muhim. Har bir inson ularni o‘z hayotining asosiy mezoni, o‘z faoliyatida ularni dasturilamal deb bilsa, shubhasiz, bu ishning natijalari tom ma’noda ma’naviy kamolotga xizmat qiladi.

– Janob Salim al-Malik, mazmunli va batafsil javoblaringiz uchun minnatdorlik bildiramiz.

– Tashakkur.

Powered by GSpeech