O‘zbekiston vakili O‘mon davlatida inson huquqlari bo‘yicha o‘tkazilgan mintaqaviy forumda qatnashdi

24-25-iyul kunlari O‘mon davlatining Salalah shahrida “Inson huquqlari sohasidagi milliy qarashlarni rejalashtirish va amalga oshirishni monitoring qilishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli” mavzuida mintaqaviy forum bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbir O‘mon sultonligining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi, Qatar davlatining Inson huquqlari bo‘yicha Milliy qo‘mitasi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, BMT tuzilmalari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Arab tarmog‘i, Arab davlatlari ligasi bosh kotibiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjumanda mintaqadagi davlatlarning hukumatlari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashmoqda. O‘mon sultonligining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Rashid Hamad al-Balushining taklifiga binoan, tadbirda mamlakatimiz vakili – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etmoqda.

Mintaqaviy anjumanda inson huquqlari sohasidagi milliy qarashlarni rejalashtirish va amalga oshirish jarayonlarini monitoring qilishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning tutgan o‘rni masalasi ekspertlar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun: 2024-yil 13-14-iyun kunlari yurtimizda bo‘lib o‘tgan “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror yechimlar topish” mavzuidagi Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi doirasida O‘mon sultonligining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Rashid Hamad al-Balushi bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv tashkil etilgandi. Uchrashuvda hamkorlik memorandumini imzolash, qo‘shma tadbirlar tashkil etish, xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish, inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech