26-iyul kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda shu mavzuda davra suhbati o‘tkazildi. Ushbu ma’rifiy tadbir 30-iyul — Butunjaxon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etildi.
Davra suhbatida tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarning mas’ul xodimlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari faollari qatnashdi. Muloqotda, shuningdek, Milliy kutubxona tasarrufidagi 14 ta hududiy axborot-kutubxona markazi vakillari onlayn ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat-qidiruv departamenti jinoyat-qidiruv xizmati uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘limi yetakchi mutaxassisi podpolkovnik Zuhra Xodjayeva, Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti yetakchi mutaxassisi podpolkovnik Eshon To‘rayev, Respublika "ISTIQBOLLI AVLOD" ijtimoiy-axborot markazi huquqshunoslari Shohruh Rahmonov va Aziza Musayeva, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari Hamidullo Mo‘minov va Husniddin Xolmamatov mavzu yuzasidan ma’ruza qildi.
So‘zga chiqqanlar barchani odam savdosiga qarshi izchil kurashishga hamda inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda har tomonlama ogoh bo‘lishga chorladi. Mazkur masalaga mas’uliyat bilan yondashish odam savdosiga qarshi kurashda ijobiy ko‘mak bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda yurtimizda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha so‘ngi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar va ularning natijalari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Bunda inson huquqlarini tahqirlovchi xatti-harakatlar, shu jumladan fuqarolarni majburiy mehnatga jalb qilish xalqaro hamjamiyat tomonidan qabih ishlar qatoriga qo‘yilganiga e’tibor qaratildi.
Milliy kutubxona tashabbusi bilan odam savdosiga qarshi kurash mavzusiga oid adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilariga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr qilingan huquqiy adabiyotlar beg‘araz taqdim qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 26.07.2024
- Ko'rishlar: 1290
- Chop etish