Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi Milliy qo‘mitasi a’zosi, Inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha Xitoy jamiyati raisining o‘rinbosari janob Tszyan Tszyango boshchiligidagi delegatsiya Adliya vazirligiga tashrif buyurdi

Bugun adliya vaziri o‘rinbosari Sh. Rabiyev Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi Milliy qo‘mitasi a’zosi, Inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha Xitoy jamiyati raisining o‘rinbosari janob Tszyan Tszyango bilan uchrashdi.

Uchrashuv boshida Sh. Rabiyev ikki davlat o‘rtasida barcha sohalarda rivojlanib borayotgan o‘zaro manfaatli munosabatlarga to‘xtalib, so‘ngi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan adliya va huquq tizimini takomillashtirishda, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida aytib o‘tdi.

Janob Tszyan Tszyango samimiy va iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirib, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va ta’minlash O‘zbekiston va Xitoy kabi rivojlanayotgan davlatlar uchun muhim bo‘lib hisoblanishini, ikki davlat o‘rtasida o‘zaro manfaatli bo‘lgan masalalar juda ko‘p bo‘lib, inson huquqlarini ta’minlash masalasida ham birgalikda amalga oshiradigan vazifalar mavjud ekanligini ta’kidladi.

Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasi hamda milliy qonunchilikda inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan normalar haqida, Adliya vazirligi tomonidan inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tavsiyalarini va andozalarini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv davomida ko‘tarilgan savollarga asosan O‘zbekistonda gender tenglikni va nogironlar huquqlarini ta’minlash, inson huquqlari ta’limi, fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish hamda davlat idoralarining inson huquq va erkinliklari ta’minlashdagi o‘zaro faoliyatlari haqida to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv so‘ngida Janob Tszyan Tszyango taqdim qilingan ma’lumotlar uchun minnatdorchilik bildirib, amalga oshirilgan tashrif tashkilotlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi hamda o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikda ishlash bo‘yicha tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.

 

Adliya yangiliklari Telegram kanali

Powered by GSpeech