Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan joriy yil birinchi yarmida izchil ishlar amalga oshirildi. Bu haqda markaz axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ma’lumot berdi:
– Xalqaro hamjamiyat bilan keng ko‘lamli munosabatlar, jumladan, inson huquqlari sohasidagi yaqin hamkorlik tufayli joriy yilning o‘tgan davrida mamlakatimiz bir qancha muhim yutuqlarga erishdi. O‘zbekiston ilk marotaba 2025-2027 yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga hamda Xalqaro mehnat tashkilotining ma’muriy kengashiga a’zo etib saylandi. Shuningdek, O‘zbekiston vakili birinchi bor 2025-2028 yillar uchun BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi.
Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida Milliy markazning O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha halqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi va bu haqda batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya doirasida o‘tgan davrda 5 qonun, Prezidentning 6 farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 6 qarori qabul qilindi.
Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan inson huquqlari bo‘yicha Milliy harakatlar rejalarining ijrosi monitoring qilib borildi.
Jeneva shahrida 22 mart kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi doirasida universal davriy hisobot bo‘yicha O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy hisoboti tasdiqlandi. Mamlakatimiz universal davriy hisobot tavsiyalarini muntazam bajarib kelmoqda.
BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarining bajarilishi ustidan joylarda monitoring ishlari davom ettirildi. Shu maqsadda 15-16 may kunlari Qarshi shahridagi xalqaro temir yo‘l vokzali hamda avtobuslar va avtobus bekatlari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan qulayliklar o‘rganildi.
Monitoring tadbirlari Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida joylashgan jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari va ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni saqlash muassasalari – jami 21 ob’ektda o‘tkazildi.
Milliy markazga kelib tushgan 712 murojaat ko‘rib chiqildi, 350 nafardan ortiq fuqaro qabul qilindi. Telefon orqali murojaat qilgan 1,6 ming nafardan ortiq fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi. O‘tgan davrda jami 40 normativ-huquqiy hujjat ekspertizaga tortildi.
Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi o‘tkazildi. Forum “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror yechimlar topish” mavzusiga bag‘ishlandi. Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” faoliyati takomillashtirildi. Joylardagi axborot-kutubxona markazlari va oliy o‘quv yurtlarining axborot-resurs markazlariga 83 nomdagi 450 huquqiy adabiyot beg‘araz taqdim etildi.
Hisobot davrida 14 risola, inson huquqlari bo‘yicha bitta xalqaro hujjat to‘plami nashrga tayyorlandi. Inson huquqlari madaniyatini oshirishga qaratilgan ikkita respublika tanloviga start berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 01.08.2024
- Ko'rishlar: 1114
- Chop etish