Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal bilan uchrashdi.
Mehmonga mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lagan holda uning huquq va erkinliklari, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotgani hamda odil sudlov sohasida yuz bergan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi sud hokimiyatining mustaqilligi, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishdan iborat.
Jamiyatimizning barcha sohalarida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar davomida fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari, shu jumladan, turar joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash borasida institutsional asoslar yaratilgani alohida qayd etildi.
Konstitutsiyamizda fuqarolarning turar joyga bo‘lgan huquqlari kafolatlarini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish jarayonida xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish masalasiga alohida ahamiyat berildi.
Shuningdek, turar joyga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi qonun normalarini qo‘llashda yagona sud amaliyotini shakllantirish masalasida qabul qilingan Oliy sud plenumining “Xususiylashtirilgan turar joylarga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf qilish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”, “Fuqarolik kodeksini tatbiq qilishda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalar to‘g‘risida” va “Uy-joy nizolari bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qarorlarini amaldagi qonunchilik hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirildi.
B.Rajagopal mamlakatimizda munosib turar joyga bo‘lgan huquqni ta’minlash sohasida olib borilayotgan ishlar haqida o‘zining ijobiy fikrlarini bildirib, bu boradagi xalqaro andozalar va jahon amaliyoti asosida o‘z tavsiyalarini berdi.
O‘z navbatida, B.Islomov O‘zbekiston BMTning qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, ayniqsa, fuqarolarning munosib turar joyga bo‘lgan huquqi kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va BMT o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik munosabatlari o‘rnatilgani ta’kidlanib, olib borilayotgan o‘zaro hamkorlik kelgusida ham samarali natijalar ko‘rsatishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuv doirasida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 23.08.2024
- Ko'rishlar: 1275
- Chop etish