Birlashgan Millatlar Tashkiloti Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi faoliyati bilan tanishdi.
Muassasa rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, tinglovchi va amaldagi sudyalar ishtirok etgan uchrashuvda BMT institutlari tomonidan mamlakatimizda insonning xususiy mulkka nisbatan konstitutsiyaviy huquqini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, xususan malakali sudyalar tayyorlaydigan yagona ta’lim dargohi – Sudyalar oliy maktabida ham salmoqli ishlar qilinayotgani e’tirof etildi.
– O‘zbekistonda sud-huquq sohasini rivojlantirish uchun dadil qadamlar tashlanganini ko‘rib, ta’sirlandim, rosti, – dedi janob Rajagopal. – Masalan, mutaxassislarni kasbiy tayyorlashga ixtisoslashgan ushbu maktab ham yetuk sudyalar, sud-huquq tizimi faollarini ko‘paytirishga munosib hissa qo‘shyapti.
Muloqot davomida mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida keyingi yillarda amalga oshirilgan va kelgusida qilinajak ishlar xususida fikr yuritildi. Nufuzli xalqaro tuzilma vakilining dargohga tashrifi sohadagi imkoniyatlarni atroflicha muhokama qilish, uy-joy masalasida mavjud muammolar yechimini tezlashtirishga xizmat qilishi e’tirof etildi.
Taniqli ekspertning fikricha, sudyalar Konstitutsiyaning qonunuiy asoschilari ekani inobatga olinsa, aynan malakali sudyalar faoliyati o‘ta muhim ahamiyat kasb etishini anglash qiyin emas. Zero, haq-huquqi buzilgan fuqaro dardiga davo izlab boradigan eng oxirgi manzil – sud. Shunday ekan, har qanday jamiyat mudom bilimli sudyalar ko‘magiga ehtiyoj sezadi.
– Ko‘p mamlakatlarda inson mulki, jumladan uy-joy huquqi bilan bog‘liq masala asosiy hujjatda aks etmagan. O‘zbekiston bu borada mustahkam huquqiy asos yaratgan, – deya so‘zini davom ettirdi BMT ma’ruzachisi. – Ya’ni, Bosh qomus – Konstitutsiyaning 47-moddasida ayni masala yechimi belgilab qo‘yilgan. Hech kim sud qarorisiz, qonunga zid tarzda fuqaroni uy-joyidan mahrum eta olmaydi. Zarur holatda mulkdorga uy-joy qiymati, ko‘rilgan zararning o‘rni qonunda nazarda tutilgan tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplananadi. Uy-joy bilan bog‘liq huquq asosiy qonun bilan ta’minlangani ko‘p davlatlarga namuna bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda Hindiston, Janubiy Afrika, Braziliya sud-huquq tizimi takomillashishiga oid misollar keltirildi. Rajagopal Sudyalar oliy maktabi tinglovchilarining xususiy mulkka oid huquqiy bilimini yuqori baholab, aholini munosib turar joy bilan ta’minlash, fuqarolar haq-huquqini muhofazaya qilish bo‘yicha taklif, tavsiyalar berdi.
– Keyingi yillarda qabul qilingan qonunlar, yangilangan Konstitutsiya O‘zbekistonni huquqiy davlat sifatida, xalqaro me’yor asosida rivojlanishiga hissa qo‘shadi va xizmat qiladi, – dedi mehmon O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. – Taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra, muassasada ta’lim olayotgan bo‘lajak sudyalar uchun yaxshi imkoniyatlar yaratilgan. Amalga oshirilayotgan loyihalar ham e’tirofga loyiq. Ushbu tuzilmadan umidim katta. Agar ish shu yo‘sinda davom etsa, oldinda turgan barcha vazifalar bajarilib, tizimni takomillashtirish yo‘idagi kamchiliklar bartaraf etilib, imkoniyatlar yanada kengayadi.
BMT vakili maktabning axborot resurs markazi bilan ham tanishdi. Uchrashuv so‘ngida ekspert jamoa vakillari, sudyalar, qator vazirlik, tashkilot va idoralar xodimlarining mavzuga oid savollariga atroflicha javob qaytardi.
Behruz Xudoyberdiyev,
Nosirjon Haydarov (surat),
Abror Sodiqov va Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA
- Qo'shildi: 26.08.2024
- Ko'rishlar: 955
- Chop etish