BMTning uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi bilan uchrashuv

Toshkent shahar hokimligida BMTning uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov, qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davronjon Odilov,  Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov hamda hokim o‘rinbosari Durdona Rahimova ishtirok etdi.  

Muloqot davomida BMT hamda uning institutlari bilan ko‘p qirrali sheriklik yanada kengayib, mintaqaviy hamkorlik mustahkamlanib borayotgani ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, mamlakatimizda, jumladan Toshkent shahrida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.  

Shundan so‘ng, poytaxtda odamlarni uy-joy bilan ta’minlash va aholining barcha qatlamlari yashashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi.    

Balakrishnan Rajagopal kadastr bilan bog‘liq ayrim masalalar, ijara platformalari, renovatsiya loyihasi, xususiy mulk egalarining huquqlari, Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari faoliyati, sayyor qabullar borasida savollari bilan yuzlandi. Soha mas’ullari barcha savollarga batafsil javob berdi.  

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA

Powered by GSpeech